Qatar davlatining Oʻzbekistondagi elchisi MOQda mehmon boʻldi
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining Bosh kotibi Oybek Kasimov Qatar davlatining Oʻzbekistondagi elchisi Hasan Hamza Hoshim bilan uchrashdi. Suhbatda ikki davlat oʻrtasida Olimpizm, xususan, futbol sohasida oʻzaro tajriba almashish mavzulari muhokama qilindi.
Uchrashuvda MOQ raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Bosh kotibi Avaz Maksumov, shuningdek, Qoʻmitaning Xalqaro aloqalar departamenti masʼullari ishtirok etishdi.
Oybek Kasimov uchrashuv davomida Prezidentimizning mamlakatimizda Olimpizm va sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirishga qaratayotgan eʼtibori, bu borada olib borayotgan islohotlari xususida maʼlumot berdi. Xususan, Toshkent har yili bir nechta sport turlari boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatlarini oʻtkazayotgani, 2025-yil yoshlar Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qilishi haqida gapirdi.
Elchi janoblari kelasi oy mamlakatimiz yashil maydonlarida 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida oʻtadigan Osiyo chempionatiga olib borilayotgan tayyorgarlik haqida suhbatlashdi. Oʻz navbatida, Avaz Maksumov davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan turnirga yuqori darajada hozirlik koʻrilayotgani, Osiyo futbol konfederatsiyasi mutasaddilari bilan muntazam ish olib borilayotgani xususida toʻxtaldi. Shuningdek, unda ishtirok etadigan Qatar yoshlar terma jamoasining oʻyinlar taqvimi haqida maʼlumot berdi va uni bellashuvlarni bevosita tomosha qilishga taklif qildi.
Suhbat davomida Azizjon Kamilov har ikki mamlakat oʻrtasida sport sohasida yoʻlga qoʻyilgan mustahkam aloqalar xususida toʻxtalib, ularni yanada mustahkamlash borasidagi takliflarini ilgari surdi.