7 Fevral 2023 1493

Olimpiya o‘yinlarida debyut qilishi kutilayotgan sport turlarining taqdimoti o‘tkazildi

Yoshlar siyosati va sport vazirligida federatsiya hamda assotsiatsiyalarning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalari muhokamasi davom etadi. Bugun O‘zbekiston triatlon va kamondan otish federatsiyalari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Taqdimotni vazir o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi vazirlik mutasaddilari, MOQ raisi maslahatchisi Alisher Karimov qabul qilishdi. Unda triatlon federatsiyasidan Bosh kotib Yelena Kun, kamondan otish federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov va O‘FA Bosh kotibi Avaz Maksumov o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha rejalar haqida batafsil ma’lumot berishdi. 

Qayd etish joiz, shu paytgacha o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur sport turlarida ishtirok etmagan. Taqdimotda har bir mutaxassis davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan sportchilarimizning tajribasi avvalgiga qaraganda oshgani, terma jamoalarimizning Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish imkoniyatlari yuqori ekani xususida to‘xtalishdi. Triatlon va kamondan otish sport turlarida atletlarimiz individual litsenziyalar uchun kurash olib borishlari ta’kidlandi. 

Kutilganidek, millionlar o‘yini mavzusiga ahamiyat qaratildi. Zero, jamoaviy sport turlari orasida aynan futbolda Olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘lish imkoniyati ancha yuqori. Avaz Maksumov MOQ qoshida “Olimpik” klubining tashkil etilgani Olimpiya terma jamoasining shakllanishida katta xizmat qilayotgani, ushbu loyiha o‘tgan yil mamlakatimizda o‘tgan Osiyo kubogida o‘z samarasini ko‘rsatgani haqida gapirdi. Shuningdek, u Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ham ayollar, ham erkaklar terma jamoamizning ishtirok etishi, har ikki yo‘nalishda ham Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kurash olib borilishini ta’kidladi.

Text to speech