6 Fevral 2023 1406

Tennis va chim ustida xokkey federatsiyalarining Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga tayyorgarligi oʻrganildi

Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida Oʻzbekiston tennis hamda chim ustida xokkey federatsiyalarining yaqin 2 yillik rejalari muhokama qilindi. Mazkur yigʻilishda Vazir oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, har ikki federatsiya masʼullari, murabbiylar shtabi aʼzolari ishtirok etishdi.

Dastavval, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi Bosh kotibi Iroda Toʻlaganova terma jamoaning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik strategiyasi xususida toʻxtaldi. Unga koʻra, tennischilarimiz Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida gʻalaba qozonib, Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma qoʻlga kiritishi koʻzda tutilgan. Suhbatda sportchilarimizning bu boradagi imkoniyatlari, raqiblar xususida fikr almashildi.

Shundan soʻng chim ustida xokkey boʻyicha terma jamoalarimizning Osiyo oʻyinlaridagi ishtirokiga bagʻishlangan taqdimot namoyish etildi. Maʼlumki, ushbu sport turida erkaklar va ayollar jamoalarimiz oʻtgan yili litsenzion turnir orqali boʻlajak kompleks musobaqaga yoʻllanma olgan edi. Yigʻilishda har ikki terma jamoaning imkoniyatlari, potensial raqiblari, tayyorgarlik rejalari batafsil oʻrganildi.

Text to speech