Suzish boʻyicha ikki karra Olimpiada sovrindori Svetlana Babanina 80 yoshda!
Bugun suzish boʻyicha Tokio-1964 Olimpiadasida ikki bor bronza medalini qoʻlga kiritgan hamyurtimiz Svetlana Babanina 80 yoshni qarshi olmoqda.
Svetlana Viktorovna Babanina 1943-yil 4-fevral kuni Rossiya Federatsiyasining Tambov shahrida tavallud topgan. Oilasi bilan Toshkentga koʻchib kelgach, u yerdagi “Spartak” klubida suzish bilan shugʻullana boshladi. Babanina asosan brass usulida suzishga ixtisoslashgan sportchi edi. 1964-yil Tokio shahrida oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida 200 metrga brass va 4x100 metrga kombinatsion estafeta dasturida bronza medallariga sazovor boʻlgan. Sportchilik faoliyatini yakunlagach uzoq yillar Toshkentdagi turli sport maktablarida, Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida murabbiylik bilan shugʻullandi. Davlatimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Sport faxriylari kengashi Svetlana Babaninani tugʻilgan kuni bilan tabriklab, unga uzoq va sihat-salomatlik tilab qoladi.