3 Fevral 2023 1274

Xanchjou-2022, Parij-2024: Yengil atletika bahslarida medallar uchun kurashamiz

Federatsiya va assotsiatsiyalarning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalarining taqdimoti davom etadi. Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti, yengil atletika federatsiyalarining rejalari tahlil qilindi.

Taqdimotlarni Vazir o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov ko‘rib chiqishdi. Unda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi nomidan rais Bahromjon Gaziyev, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi nomidan bosh kotib Kamoliddin Ro‘zimuhammedov rejalar haqida gapirib o‘tishdi.

Bahromjon Gaziyev chavandozlarimizning 2022 yil xalqaro maydonda, xususan, Millatlar ligasi musobaqasining Yevrosiyo ligasi bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgani xususida to‘xtalar ekan, bu yetakchilik saqlab qolinishi uchun ustuvor reja ishlab chiqilganini bildirdi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda ilk bor Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritish ko‘zda tutilganini qo‘shimcha qildi.

Yengil atletika kompleks musobaqalarda eng ko‘p yo‘llanma beradigan, shuningdek, eng ko‘p medallar taqdim etadigan sport turi hisoblanadi. Afsuski, so‘nggi Olimpiya o‘yinlarida bu boradagi ko‘rsatkichlar pasayib ketdi. Kamoliddin Ro‘zimuhammedov Parij-2024 siklida bu boradagi ko‘rsatkichlar yaxshilanishi, hatto ba’zi dasturlarda atletlarimizning medallar uchun kurash olib borishi rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilish davomida rasmiylar federatsiya mas’ullarining rejasini ma’qullab, asosiy tarkib bilan birga kuchli zaxira sportchilarini ham tayyorlab borish, har bir yo‘nalishda xorij tajribasini o‘rganish borasida qo‘shimcha tavsiyalar berishdi.

Text to speech