2 Fevral 2023 1436

Eʼtibor markazida Oʻzbekiston boks va dzyudo federatsiyasining taqdimoti

Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida Oʻzbekiston boks va dzyudo federatsiyalarining 2023-2024-yillarga bagʻishlangan taqdimoti boʻlib oʻtdi. Maʼlumki, bu ikki sport turi ommaviylik masalasida mamlakatimizda alohida ajralib turadi. Qolaversa, deyarli har bir Olimpiadada bokschilarimiz ham, dzyudochilarimiz ham delegatsiyamiz hisobiga qimmatli medallarni taqdim qilishadi. Bugungi tadbirda ushbu anʼanani davom ettirgan holda, natijalarni yanada yaxshilashga alohida ahamiyat qaratildi.

Taqdimot marosimida Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi Yoshlar siyosati va sport vazirligining xodimlari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisi maslahatchisi Alisher Karimov, federatsiyalarning masʼullari hamda murabbiylar shtabi ishtirok etishdi.

Dastavval, Oʻzbekiston boks federatsiyasining taqdimoti oʻtkazildi. Unga koʻra, bu yil Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari qatori mart oyida Hindiston mezbonlik qiladigan ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida munosib qatnashish, asosiysi, poytaxtimizda oʻtadigan erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etishga ahamiyat qaratilgan. Shuningdek, Parij-2024 Olimpiadasiga maksimal miqdordagi yoʻllanmalar uchun kurash olib borilishi, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida ilk bor ayollar boksida ham medallar qoʻlga kiritish rejalashtirilgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan oʻtgan yigʻilish ham qizgʻin munozaralarga boy boʻldi. Ayni paytda terma jamoa 2 tarkibga boʻlingan holda litsenzion musobaqalarda ishtirok etmoqda. Bu har bir vazndagi ichki raqobatni yanada kuchaytirish, xalqaro maydondagi natijalarni ham yaxshilashga katta turtki beradi. Rejaga koʻra, terma jamoa yaqinlashib kelayotgan Osiyo va Olimpiya oʻyinlarida oʻzining eng yuqori natijasini yaxshilashi kutilmoqda.

Rasmiylar davlatimiz va hukumatimiz sportchilarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishi, terma jamoalarning rejalari toʻlaligicha qoʻllab-quvvatlanishini bildirib, atletlarimiz bunga javoban yuksak gʻalabalar bilan yurtimizga qaytib kelishlarini tilashdi.

Text to speech