Uch federatsiyaning yaqin ikki yillik rejalari tahlil qilindi
Federatsiya va assotsiatsiyalarning strategiyalarini tahlil qilish davom etadi. Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash, regbi va o‘q otish sporti federatsiyalarining 2023 va 2024-yillar uchun ishlab chiqilgan ustuvor vazifalari alohida ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishlarda Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi maslahatchisi Alisher Karimov va federatsiyalarning mas’ullari ishtirok etishdi. Har bir federatsiya taqdimoti alohida o‘tkazildi. Unda mas’ullar o‘zlarining mazkur davr uchun ishlab chiqqan rejalari bilan batafsil tanishtirishdi.
Zamonaviy beshkurashda yosh sportchilarni tarbiyalab borishga alohida ahamiyat qaratilayotgani, yaqin yillarda ular xalqaro maydonda yuqori saviyadagi atletlar bo‘lib yetishib chiqishi ta’kidlandi. Shuningdek, regbi sportida ham istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Federatsiya Bosh kotibi Qahramon Jalilov xorijlik murabbiylardan tashkil topgan shtab o‘zbek regbisi rivojini yangi bosqichga olib chiqishi kutilayotganini bildirdi.
Qayd etish joiz, o‘q otish sporti turlarida ham yuqori natijalar qayd etilmoqda. Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati, Jahon kubogi bosqichlarida hamyurtlarimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olishmoqda. Federatsiya vakillari merganlarimiz Osiyo o‘yinlari medallari va Parij-2024 Olimpiadasi litsenziyalari uchun astoydil kurash olib borishini ma’lum qilishdi.
Uchrashuvlar davomida har bir terma jamoalarning tayyorgarlik rejasi atroflicha tahlil qilinib, sportchilarning natijalarini oshirish, mashg‘ulotlari uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash kabi yo‘nalishlarda qo‘shimcha tavsiyalar berildi.