3 Avgust 2020 2883

Boks bo'yicha terma jamoamiz murabbiylari viloyatlardagi sportchilar uchun master-klass tashkil qilishadi

Boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi vakillari navbatdagi onlayn mashg'ulotini o'tkazdi. Ma'lumki, ayni paytda asosiy terma jamoamiz vakillari Yangioboddagi o'quv bazasida qattiq karantin asosida mashg'ulot olib borishmoqda. Terma jamoaning asosiy qismi ushbu joydan ulangan bo'lsa, Shahobiddin Zoirov Buxoro, Miraziz Mirzahalilov esa Farg'onadan onlayn mashg'ulotga qo'shildi. Jarayon MOQ va O'zbekiston boks federasiyasi rahbariyati nigohida bo'ldi.

Onlayn mashg'ulot davomida terma jamoa murabbiylari shtabi tomonidan bokschilarimizga belgilangan reja asosida vazifalar berildi, o'z o'rnida yigitlarimiz mashg'ulotlarni maromiga etkazib bajarishdi. MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov mashg'ulotlarni tashkil etish bo'yicha o'z takliflarini berdi. Terma jamoamiz a'zolariga sihat-salomatlik tilab, mashg'ulot vaqtida karantin qoidalariga qat'iy rioya qilishlarini so'rab qoldi.

"Xabaringiz bor, hozirda turli terma jamoalarimizda faoliyat olib borayotgan xorijlik murabbiylar ishtirokida viloyatdagi sportchi va murabbiylarimiz uchun mahorat saboqlari olib bormoqdamiz. O'zbek boksida xorijlik mutaxassisning ishlashiga hojat yo'q. Boisi, bu borada o'zbek boks maktabi kuchli shakllanib bormoqda. Shu bois murabbiylarimiz, sizlarga viloyatlardagi murabbiy va sportchilarimiz uchun mahorat saboqlari tashkil qilsangiz degan taklif bildirmoqchiman", – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

O'z navbatida, terma jamoamiz murabbiylari ham mazkur taklifni qo'llab-quvvatlashdi va tez orada mazkur tadbirni yo'lga qo'yishlari haqida ma'lum qildilar.

Text to speech