31 Yanvar 2023 1429

Arslon Ilov va Raziya Yakubovaga MOQning esdalik medallari topshirildi

Joriy yilning 15-yanvar kuni mamlakatimizda kurash, sambo, dzyudo, karate kabi yakkakurash sport turlarining rivojlanishida ulkan xizmat qilgan Arslon Ilov 75, mamlakatimizda trampolin sportiga taʼbir joiz boʻlsa, poydevor qoʻygan insonlardan biri Raziya Yakubova 70 yoshni qarshi olishgan edi. Bugun oʻzbek sportining har ikki zabardast vakilini tabriklash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, bir guruh sport faxriylari ishtirok etishdi. Bahodir Maxsitov kirish soʻzi bilan tadbirni ochib berar ekan, faxriylar nomidan kun qahramonlarini yubiley yoshlari bilan qutlab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik tiladi. Oʻz navbatida, Oybek Kasimov ham Arslon Ilov va Raziya Yakubovaning oʻzbek sporti rivojiga qoʻshgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirdi va ularga MOQning esdalik medalini topshirdi.

Maʼlumot uchun, Arslon Ilov yakkakurash sport turlari boʻyicha koʻplab ilmiy asarlar muallifi, Oʻzbekiston karate federatsiya rahbari sifatida faoliyat olib borgan. Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida uzoq yillar faoliyat olib borgan Raziya Yakubova esa Pekin-2008 Olimpiadasi sovrindori Yekaterina Xilkoning murabbiyi hisoblanadi. Har ikki mutaxassis ham “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlanishgan.

Shuningdek, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi faxriylar kengashi ham yubiley egalariga esdalik sovgʻalarini taqdim etishdi. Tadbir soʻngida faxriylarimiz soʻz olib, koʻrsatilgan ehtirom va gʻamxoʻrlikdan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Text to speech