30 Yanvar 2023 1784

Dzyudochilarimiz Almada Gran-prisini kuchli uchlikda yakunlashdi

Portugaliyaning Almada shahrida dzyudo bo‘yicha Almada Gran-prisi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi 81 mamlakat ichida umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Hamyurtlarimiz murosasiz kechgan bellashuvlarda 2 ta oltin medalga sazovor bo‘lishdi.

Yilning ilk turnirida Janubiy Koreya termasi 4 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallarini jamg‘arib, umumjamoa hisobida g‘alaba qozondi. 2 ta oltin va 1 ta kumush medaliga sazovor bo‘lgan mezbonlar ikkinchi natijani qayd etishdi. 

Dastlab, -66 kg vazn toifasida Muhriddin Tilovov, so‘ng -73 kgda Obidxon No‘monov chempionlik shohsupasiga ko‘tarilishdi. Ushbu g‘alaba hamyurtlarimizga jahon reytingi uchun 700, Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lida 350 ochko taqdim qildi. Terma jamoamizning qolgan ishtirokchilari garchi sovrindorlar qatoridan joy olishmagan bo‘lsalar ham, qimmatli reyting ochkolarini jamg‘arishdi.

Qayd etish joiz, 2022-yilgi Almada Gran-prisida ham -73 kg vazn toifasidagi bahslar o‘zbekistonlik dzyudochi Murodjon Yo‘ldoshevning g‘alabasi bilan yakunlangan edi. Endi terma jamoamiz 4-5-fevral kunlari Parij shahrida o‘tadigan “Katta dubulg‘a” turnirida ishtirok etadi.

Text to speech