Chilonzordagi fuqarolar bilan sayyor qabul o‘tkazildi
Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilaridan tuzilgan Respublika ishchi guruhi hududlardagi o‘rganish ishlarini yakunlamoqda. Toshkent shahridagi vaziyat tahlil qilingach, rasmiylar bilan sayyor qabullar tashkil etilyapti. Ana shunday qabullardan biri Chilonzor tumanida joylashgan Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘tdi.
Tadbirda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, ushbu muassasa direktori Abror Mamadaliyev, Yoshlar siyosati va sport vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Akbar Vakilov va tumanda istiqomat qilayotgan fuqarolar ishtirok etishdi.
Qabul davomida fuqarolar mahalla va sektorlardagi sport infratuzilmasini mustahkamlash, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha takliflarini bildirishdi. Shuningdek, joylardagi mavjud muammolar o‘rtaga tashlanib, ularga birgalikda yechim izlandi. Tadbir yakunida belgilab olingan masalalar yuzasidan xodimlarga kerakli topshiriqlar berildi. Yo‘nalishlar va mavzular bo‘yicha mas’ullar biriktirildi.