15 Noyabr 2020 3434

Sadriddin Saymatov: Maqsadim – karate bo'yicha ilk Olimpiya oltin medalni yurtdoshlarimizga taqdim etish

Karantin sababli musobaqalari keyinga qoldirilgan sport turlaridan biri bu karate Wkfdir. O'zbekiston terma jamoasi a'zolari bu fursatdan unumli foydalangan holda, asosiy e'tiborni texnik va taktik mashg'ulotlarga qaratgan. -60 kg vazn toifasida O'zbekiston terma jamoasi a'zosi, ko'p karra O'zbekiston chempioni, Osiyo chempioni, Islom birdamligi o'yinlari g'olibi Sadriddin Saymatov bilan intervyu uyushtirdik.

— Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, bu yil taqvim bo'yicha xalqaro musobaqalar yo'q. Mashg'ulotlarda sizga nima motivasiya beryapti?

— Biz sportchilar muayyan bir musobaqa uchun emas, yurt sha'nini har daqiqada himoya qilish uchun tayyor bo'lishimiz shart. Meni ruhlantiradigan jihat shu. Maqsadim Vatanimiz bayrog'ini yuksak cho'qqida ko'rish va bunga oz bo'lsa-da, o'z hissamni qo'shish. Nufuzli musobaqalar oldinda va bu oxirgisi bo'lib qolmaydi. Yirik turnirlarga oz vaqt qoldi va bunga ko'zlarimni katta ochgan holda jiddiy tayorgarlik ko'rishim kerak. Raqiblarim men dam olgan paytda menga qarshi texnik va taktik tayyorgarlik ko'rishmoqda. Ko'nglida maqsadi bor sportchi hech qachon qandaydir sabablarni o'ylab, to'xtab qolishi kerak emas. To'xtagan odam vaqti kelib o'tirgisi keladi, o'tirgan odam cho'zilib yotsam deydi. Yotgan odamning esa orzulari o'ladi va u tirik murdadan farqi qolmaydi.

— Karantindan keyingi yig'inlar avvalgilardan nimasi bilan farqli o'tyapti?

— Hozirda bizda etarli vaqt bo'lganligi sababli ko'proq aqliy mashg'ulotlar, kuzatuvchanlik, jismoniy va texnik jihatlarga ko'proq urg'u beryapmiz.

— Asosiy raqiblarni his qilish uchun mashg'ulotlarda nimalarga e'tibor qilinyapti?

— Hozirda ko'plab raqiblarimiz huddi biz singari musobaqalarga chiqmayapti va biz oldingi taktik uslublarga yangi qo'shimchalar qo'shib, texnik xatolar ustida ishlab, tayyorgarlik ko'rmoqdamiz.

— Orzular haqida gapirdingiz. Reja va maqsadlar qanday?

— Oldinda musobaqalarimiz ko'p. Ularga jiddiy hozirlik ko'rib, Olimpiya o'yinlariga yo'llanma beruvchi musobaqadan muvaffaqiyatli o'tishni, Olimpiadada yurtimiz sharafini munosib himoya qilishni, karate bo'yicha ilk Olimpiada oltin medalini yurtdoshlarimizga taqdim etishni o'z oldimga maqsad qilib qo'yganman.

Text to speech