Sherzod Tashmatov boshchiligidagi guruh Yashnobod tumanidagi sport maktablarini koʻzdan kechirdi
MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi bilan poytaxtimizdagi sport maktablarini oʻrganishda davom etmoqda. Mutaxassislar bu gal Yashnobod tumanida boʻlishdi.
Oʻrganish ishlari tumandagi 2 ta sport maktabi misolida chuqur tahlil qilindi. Mutasaddilar ixtisoslashgan muassasalarning faoliyatini yoʻlga qoʻyishda oʻsha hududdagi yoshlarning xohish-istagini inobatga olish, mahallalardagi uyushmagan yoshlar oʻrtasida muntazam musobaqalar oʻtkazish, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash kabi masalalarga alohida ahamiyat qaratishdi.
Ishchi guruh toʻgaraklarning jadvali bilan tanishish barobarida, maktablardagi inventarlarning holati, zallardagi sharoitlarni batafsil koʻzdan kechirishdi. Shahar va tuman boshqarma vakillariga har bir maktablardagi moddiy-texnik holatni tahlil qilish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi.