28 Yanvar 2023 1222

Qatorasiga ikki yil tengsiz bo‘lgan yosh bokschilarimiz Toshkentga qaytib kelishdi

18-26-yanvar kunlari Tailand poytaxtida boks bo‘yicha U-22 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoa ham erkaklar, ham ayollar toifasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, o‘zbek boksi hamon qit’ada yetakchi ekanini ko‘rsatdi. Bugun mazkur musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan hamyurtlarimiz poytaxtimizga qaytib kelishdi. 

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida o‘tgan tadbirda Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Murod Ismoilov, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov va keng sport jamoatchiligi ishtirok etdi. 

Rasmiylar yosh bokschilarimizni qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat bilan qutlashar ekan, ularga kelgusida ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishlarini tilashdi. Shuningdek, bu g‘alaba Prezidentimiz tomonidan sport sohasida olib borilayotgan katta ko‘lamdagi islohotlarning samarasi ekanini alohida ta’kidlashdi. 

Qayd etish joiz, O‘zbekiston terma jamoasi qatorasiga ikkinchi yil mazkur yosh toifasidagi qit’a birinchiligida g‘alaba qozonmoqda. Bu yilgi bellashuvlarda hamyurtlarimiz 14 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Text to speech