28 Yanvar 2023 1508

Adham Ikramov yoshlarni sportga jalb etishdagi Hindiston tajribasi bilan tanishmoqda

Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov shu kunlarda Hindistonda xizmat safarida boʻlib turibdi. Unda vazir mamlakat sport tizimi, chekka hududlarda yoshlarni sportga jalb qilish tajribasini oʻrganish doirasida Uttar-Pradesh shtatining Merut shahriga tashrif buyurdi. Safar davomida Adham Ikramovga Oʻzbekistonning Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dilshod Ahadov hamrohlik qilmoqda.

Kriket Hindistonda eng ommabop sport turi hisoblanadi. Chim ustida xokkey, kabbadi, sportning yakkakurash, oʻq otish turlari ham keng tarqalgan yoʻnalishlar qatoriga kiradi. Vazir tashrif davomida mahalliy ishbilarmon Ajay Gupta asos solgan “Gurukul” sport akademiyasi hamda “Godwin Public School” maktablarining faoliyati bilan tanishdi.

“Gurukul” qadimiy hind anʼanalari asosida kamondan otishga ixtisoslashgan sport maktabi boʻlib, u yerda 90 nafarga yaqin yoshlar shugʻullanmoqda. Taʼlim maskanining asosiy maqsadi – chekka hududlarda yosh sportchilarni yetishtirib chiqarish hamda ularni milliy terma jamoa safiga saralanishini taʼminlash. Mashgʻulotlar kuniga 6 soat davom etadi. Oʻquvchilar ham shu joyda bepul taʼlim oladi, sport turi bilan shugʻullanadi va istiqomat qiladi. Davlat shu tizimni qisman moliyaviy tarafdan qoʻllab-quvvatlaydi va sport turlari boʻyicha murabbiylarga haq toʻlaydi.

“Godwin Public School” maktabi hududdagi mashhur sport dargohlaridan hisoblanadi. Maktab direktori Vinarma Sharma hamda Hindiston ushu federatsiyasi prezidenti Bupender Bajva Adham Ikramovga amalga oshirilayotgan ishlar, muassasa faoliyati haqida batafsil maʼlumot berishdi. Qayd etish joiz, tashrif “Fit India School Week” haftaliga toʻgʻri keldi. Bu esa hududda ishlayotgan tizim qanchalik oʻz samarasini koʻrsatayotganiga guvoh boʻlish uchun ayni qulay fursat edi. Adham Ilhamovich maktabdagi toʻgaraklarni shaxsan koʻzdan kechirish barobarida sportchilar bilan suhbatlashdi.

Yoshlar siyosati va sport vaziri hindistonlik mutaxassislar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan tizimni yuqori baholab, uning oʻziga xosliklari, mahalliy sportchilar va oʻzbekistonlik atletlar oʻrtasida qoʻshma mashgʻulotlar tashkil etish haqida fikr almashdi. Shuningdek, Adham Ikramov hindistonlik sportchilarni 7-10-sentyabr kunlari Xiva shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro etnosport festivaliga taklif qildi.

Text to speech