Respublika ishchi guruhi Mirobod va Yakkasaroy tumanlaridagi sport maktablarining faoliyati bilan tanishdi
Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi hududlardagi sport maktablarining faoliyatini oʻrganishda davom etmoqda. Bugun MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi mutaxassislar poytaxtimizdagi Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida boʻlishdi.
Mutasaddilar hududlardagi bir qator sport maktablariga tashrif buyurib, ularning imkoniyatlarini koʻzdan kechirishdi. Mazkur obyektlarda “Besh tashabbus olimpiadasi” Respublika ommaviy sport musobaqalarining turli bosqichlari oʻtkazilmoqda. Rasmiylar bunday bellashuvlar hududlardagi iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish uchun ajoyib imkoniyat ekani, uning har bir bosqichini shaffof va adolatli oʻtkazgan holda mahallalardagi ommaviy sport targʻibotini kuchaytirish muhimligini taʼkidlashdi.
Oʻrganish jarayonida hududlardagi sport sogʻlomlashtirish guruhlarining faoliyati ham tahlil qilindi. Har bir sport maktabi va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining imkoniyatlari koʻzdan kechirilib, ish samaradorligini oshirish, qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil etish, murabbiylar salohiyatini kuchaytirish, mahallalardagi yoshlar faollari bilan ishlash boʻyicha kerakli tavsiyalar berildi.