26 Yanvar 2023 1221

Bektemir, Sergeli va Olmazor tumanlaridagi sport infratuzilmasi Respublika ishchi guruhi nigohida

MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov Yoshlar siyosati va sport vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari bilan poytaxtdagi sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini o‘rganib chiqayotgani haqida ma’lum qilgan edik. Kunning ikkinchi yarmida Respublika ishchi guruhi Bektemir, Sergeli va Olmazor tumanlariga tashrif buyurib, hududlarda ommaviy sport targ‘ibotini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Soha mutaxassislari bilan o‘tgan yig‘ilishda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun keng sharoitlar yaratib berish, sport maktablarining imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish haqida so‘z bordi. Uchrashuvda ma’muriy islohotlar doirasida yoshlar va sport yo‘nalishida ishlarni yangi tizim asosida tashkil etish, bu borada belgilangan muhim vazifalar, yoshlar bilan ishlash va ularni qo‘llab-quvvatlash, sport sohasini raqamlashtirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, mutasaddilar mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan uchrashuvda uyushmagan yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha ularning fikrlarini o‘rganishdi. Shundan so‘ng sport maktablariga tashrif buyurib, u yerdagi to‘garaklar faoliyati, muassasalarning moddiy-texnik bazasini ko‘zdan kechirishdi. Shug‘ullanayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlashib, ularning takliflari o‘rganildi.

Text to speech