26 Yanvar 2023 1654

Toshkentda quriladigan Olimpiya shaharchasining loyihasi OOK rahbariyati bilan muhokama qilindi

Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Bosh direktori, Xalqaro suzish federatsiyasi prezidenti Husayn Al Musallam, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashining Osiyo oʻyinlari departamenti Bosh direktori Haydar Farmon bugun poytaxtimizga tashrif buyurishdi. Yoshlar siyosati va sport vazirligida ular bilan “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun barpo etiladigan sport obyektlari loyihasi koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda vazir Adham Ikramov va uning birinchi oʻrinbosari Alisher Sadullayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov, Qurilish vazirining oʻrinbosari Shukrullobek Jahongirov, Xitoyning “Camce” kompaniyasi muhandislari ishtirok etishdi.

Dastavval, xitoylik muhandislar loyiha haqida batafsil maʼlumot berishdi. Olimpiya shaharchasida barpo etiladigan har bir obyekt, uning parametrlari, qanday xom-ashyolardan qurilishi haqida toʻxtalib oʻtishdi. Shundan soʻng Adham Ikramov loyiha haqida qoʻshimcha maʼlumot berdi.

Yoshlar siyosati va sport vaziri Prezidentimiz mazkur shaharchadagi binolarning koʻp funksiyali boʻlishi zarurligi haqida topshiriq bergani, loyihada mazkur jihatga katta ahamiyat qaratilgani xususida toʻxtaldi. Shuningdek, Oybek Kasimov har bir obyekt qurilishida xalqaro tajribadan foydalanilayotganini qoʻshimcha qildi.

Uchrashuvda OOK mutasaddilari ham oʻz xulosalarini bildirishdi. Xususan, obyektlar loyihasini yana bir bor xalqaro federatsiyalarning ekspertlari bilan muhokama qilish, ularning talablarini yoddan koʻtarmaslik zarurligini taʼkidlashdi. Shuningdek, arenalardagi akustika tizimidan tortib, translyatsiya masalalari, tomoshabinlar va faxriy mehmonlar uchun ajratiladigan sektorlarni shakllantirish boʻyicha ham fikr almashildi.

Yakunda qurilish jarayoni boshlangach har 3 oy davomida xalqaro ekspertlar poytaxtimizga tashrif buyurib, jarayonga baho berib borishlari, qurilish yakunlanganidan soʻng 2025-yilning mart oylarida yangi arenalarda sinov musobaqalarini oʻtkazish kabi gʻoyalar ilgari surildi.

Text to speech