15 Noyabr 2020 3103

Shoadham Isroilov: "Ko'zlangan rejadan og'ishmay harakat qilyapmiz”

"OlympicUz" axborot-tahliliy dasturining navbatdagi mehmoni – O'zbekiston dzyudo federasiyasi raisi o'rinbosari Shoadham Isroilov bo'ldi. Suhbatdoshimiz bilan federasiya rahbariyati tomonidan ishlab chiqilgan yangi strategiya va uni amalga oshirish mexanizmlari, Toshkentda o'tayotgan xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'inidan ko'zlangan maqsad, Tokio-2020 Olimpiadasi uchun kimlarda yo'llanma olish imkoniyati borligi haqida suhbatlashdik.

– Mana, federasiyaning yangi rahbariyati faoliyatini boshlaganiga ikki yil to'ldi. Ishni boshlaganda, jamoaning strategiyasi, ish-rejasi bo'lgan. O'tgan davr mobaynida qilgan ishlaringizdan qoniqish paydo bo'ladimi?
– Avvalambor, asosiy tarkibni Olimpiya o'yinlariga tayyorlash, reyting ballarini jamg'arish va shu orqali kattaroq tarkib bilan Tokioga borish reja qilingan edi. Shu sababdan Gran-Pri, Masters va jahon chempionati darajasidagi turnirlarga muvaffaqiyatli qatnashishimiz lozim edi Sharofiddin Lutfullaev o'tgan yili dzyudo vatani Yaponiyada o'tgan jahon chempionatida 2-o'rinni egalladi. Bu anchadan beri O'zbekiston dzyudosida kuzatilmayotgan holat edi. Dyusseldorfda o'tgan Grand-finalda 90 kg vazn toifasida Davlat Bobonov va 100 kg da Muhammadkarim Xurramov oltin medallarni qo'lga kiritdi. Pandemiyaga qaramasdan, terma jamoa mashg'ulotlarni to'laqonli davom ettiryapti. O'zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo'mitasi va mamlakat dzyudo federasiyasi rahbariyatiga asosiy tarkibni etarli mashg'ulot olib borishi uchun yaratib bergan sharoiti uchun minnatdorilik bildiraman. Endi imkon qadar mana shu ishonchni oqlashga harakat qilishimiz kerak.

– Terma jamoada xorijlik murabbiy faoliyat yuritayotganiga 11 oy bo'ldi. Bugun terma jamoa bosh murabbiyi, Olimpiya o'yinlari g'olibi, gresiyalik afsonaviy chempion Ilias Iliadis polvonlarimizning yaqin do'stiga aylanib qolgan. Ushbu mutaxassis kelgandan so'ng, texnikada qanday o'zgarishlar bo'ldi?
– Darhaqiqat, Ilias sportchilikning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o'tgan polvon. Yillar davomida to'plangan ana shu tajribani u bugun sportchilarimizga o'rgatmoqda. Zimmasiga katta mas'uliyatni olgan, aniq maqsad-vazifalari bor, unga erishaman, deb va'da bergan. Hozirda shu yo'nalishda ish olib boryapti.

– Shu kunlarda O'zbekiston dzyudo federasiyasi qoshidagi dzyudo markazida besh davlat terma jamoalari ishtirokida xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'ini bo'lib o'tmoqda. Bunday yirik hajmdagi mashg'ulot maqsad-mohiyatidan ko'zlangan natija katta. Bu yig'in biz uchun qanchalik foydali bo'lyapti?
– Gruziya, Misr, Qirg'iziston terma jamoalari asosiy tarkibining etakchi sportchilari Ilias Iliadis boshligida polvonlarimiz bilan yuqori ruhda mashg'ulotlarni o'tkazishyapti. Bu xalqaro yig'in O'zbekiston va Qirg'iziston terma jamoalariga Mo'g'uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik bosqich vazifasini o'tasa, gruziyalik dzyudochilar Chexiyaning Praga shahri mezbonlik qiladigan Evropa chempionatiga, Misr esa Madagaskarda o'tadigan Afrika chempionatiga taraddud ko'ryapti. Yil oxirida Xorvatiyada o'tadigan "katta dubulg'a" turniriga tayyorgarlik vazifasini ham o'tab beradi.

– Ayni paytda ayollar terma jamoasi Xorazm viloyatida o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazishyapti. Odatda ular erkaklar jamoasi bilan musobaqalarga tayyorgarlik ko'rishardi. Ikkalasining ajratilib mashg'ulotlar olib borilayotganining salbiy ta'siri yo'qmi?
– Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyati qizlar jamoasiga asosiy sportchilarni etkazib beradigan hududlarimizdan. U erda respublikamizning eng iqtidorli qizlari jam bo'lishgan. Bu borada xavotirimiz yo'q. Ayollar o'rtasida reyting masalasiga kelsak, asosiy tarkibda -52 kg vaznda Diyora Keldiyorova reyting zonasida turibdi, -70 kg da Gulnoza Matniyozova ham shu bosqich uchun harakat qilyapti. Ular hozir o'z natijasini yaxshilash uchun harakat qilishyapti. Agar Gulnoza reyting zonasini kesib o'tsa, 78 kg vaznda ham lisenziya olish uchun kvota paydo bo'ladi. Shunda Nodira Yo'ldoshevaning yo'llanma uchun kurashishiga sharoit yaratiladi. Tokio Olimpiadasida birinchi marta jamoaviy bahslarda ham qatnashish uchun ruxsat berishdi. O'zbekiston terma jamoasi a'zolari ham jamoaviy bahslarda ishtirok eta oladi.

– "Katta Dubulg'a" turkumidagi Budapesht turniridan so'ng xalqaro dzyudo federasiyasi sportchilarning yangilangan Olimpiada reytingini e'lon qildi. Gapni reytingga bevosita bog'langanim bejiz emas. Tokio-2020 Olimpiadasi uchun bu juda ham muhim. Qaysi sportchilarimiz imkoniyatini munosib baholay olasiz?
– Musobaqada kamida chorak finalgacha etib borgan vakillarimiz reytingda o'z pog'onalarini ancha yaxshilab olganlariga guvoh bo'lish mumkin. Jumladan, 60 kg vaznda Sharofiddin Lutfillaev 1 pog'ona yuqorilab, uchinchi o'ringa ko'tarilib olgan bo'lsa, Sardor Nurillaev o'z o'rnini 5 pog'onaga yaxshiladi. Sharofiddinning reyting ochkolari juda ham yaxshi. 66 kg vaznda muammo bor. Sardorning natijasi biz kutgandek bo'lmayapti. Vengriyada unda katta imkoniyat bor edi. Qanchalik harakat qilmaylik, 3-o'rin uchun kurashda mag'lubiyatga uchrab, 5-o'rinni egalladi. Shunday bo'lsa-da, 360 ochkoni qo'lga kiritdi. 73 kg da Hikmatulla To'raevda yaxshi imkoniyat bor. Yosh, potentsiali bor yigit, Parij-2024da ham qatnashishi mumkin bo'lgan polvon. 81 kg vazn toifasida ikkita sportchimiz da'vogarlik qila oladi. Sharofiddin Boltaboev va Kamoliddin Rasulovdan qaysi birining natijasi yuqori bo'lsa, o'zaro kelishib, Olimpiadaga olib boramiz. 90 kg da Davlat Bobonov Dyusseldorf turnirida oltin medalni qo'lga kiritgan edi, natija ko'rsata oladigan yosh, iqtidorli sportchilarimizdan. 100 kg da Muhammadkarim Xurramovning reyting zonasi ham yomon emas. Budapesht musobaqasida kamchiliklari yaqqol ko'rinib qoldi. +100 kg vaznda Bekmurod Oltiboevda ham shunday holat. Mana shu sportchilar bilan medallar jamg'arishni ham ko'zda tutganmiz.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Zafar Imomxo'jaev suhbatlashdi.

Text to speech