25 Yanvar 2023 1323

Devis kubogiga tayyorgarlik muhokama qilindi

3-5-fevral kunlari tennis boʻyicha Devis kubogi jahon saralash bosqichining pley-off bosqichi bahslari boʻlib oʻtadi. Mazkur bosqich doirasida 3-4-fevral kunlari Oʻzbekiston va AQSH terma jamoalari Toshkentda oʻzaro bahs olib boradi. Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov boshchiligidagi ishchi guruh boʻlajak musobaqaga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi Bosh kotibi Iroda Toʻlaganova, Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabi (ROZTM) va federatsiya mutasaddilari ishtirok etishdi.

Adham Ikramov uchrashuv jahon tennis hamjamiyatining eʼtiborida boʻlgani bois uni har tomonlama puxta oʻtkazish lozimligini alohida urgʻuladi. Qayd etish joiz, tennischilarimiz muntazam ravishda Devis kubogining saralash bosqichida ishtirok etib kelishadi. Shu bois tashkilotchilik borasida katta tajriba mavjud. Vazir boʻlajak oʻyinga zamonaviy yondashuvda tayyorlanish, tashrif buyuradigan terma jamoa, xalqaro federatsiya vakillari uchun barcha qulayliklarni yaratish boʻyicha alohida topshiriq berdi.

Text to speech