Terma jamoalarning Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga tayyorgarligi taqdimoti oʻtkazilmoqda
Xitoyning Xanchjou shahrida boʻlib oʻtadigan XIX Osiyo oʻyinlari oʻzbek sporti uchun joriy yildagi eng muhim start hisoblanadi. Mutasaddilar terma jamoalarimizning qitʼa Olimpiadasiga olib borayotgan tayyorgarligini tahlil qilib borishmoqda. Yoshlar siyosati va sport vazirligida Oʻzbekiston ogʻir atletika va qilichbozlik federatsiyalarining bu boradagi rejalari koʻrib chiqildi.
Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari, mamlakat ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, federatsiya masʼullari, murabbiylar ishtirok etishdi.
Federatsiyalar vakillari dastavval joriy yil uchun ishlab chiqilgan ustuvor rejalar, Osiyo oʻyinlarida ishtirok etishi kutilayotgan asosiy va zaxira tarkib, koʻzlanayotgan natijalar xususida toʻxtalishdi. Shuningdek, tayyorgarlik yoʻlida tashkil etiladigan mahalliy hamda xalqaro yigʻinlar, musobaqalar haqida atroflicha fikr almashildi.
Qayd etish joiz, Oʻzbekiston delegatsiyasi shu paytgacha Osiyo oʻyinlarida qilichbozlik dasturida medal olmagan. Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi Xanchjouda bu qora “anʼana”ga chek qoʻyishni maqsad qilgan. Qolaversa, ogʻir atletikachilarimiz ham oʻzlarining eng yaxshi natijasini yangilashni koʻzlashgan.
Yigʻilish davomida mutasaddilar sportchilarimizning tayyorgarligi davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani, buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini taʼkidlab, taqdimot boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berishdi.