O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi 31 yoshda!
Bugun 2023 yil 21 yanvar. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganiga 31 yil to‘ldi. 1993 yilning sentyabr oyida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining 101-Sessiyasida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi XOQ tomonidan rasman tan olingan va shundan so‘ng tashkilot xalqaro maydonda faoliyat olib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Shu kundan e’tiboran, O‘zbekiston muntazam ravishda yozgi va qishki Olimpiya o‘yinlarida qatnashib kelmoqda. MOQ bugun mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini ilgari surish yo‘lida keng ko‘lamda ish olib bormoqda. Bundan tashqari, xalqaro aloqalarni mustahkamlab, nufuzli sport tashkilotlari, yetakchi sport derjavalari bilan keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ortda qolgan vaqt mobaynida O‘zbekiston delegatsiyasi 8 ta qishki va 7 ta yozgi Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi xalqaro arenalarda, kompleks musobaqalarda muvaffaqiyatga erishish uchun Yoshlar siyosati va sport vazirligi, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari bilan hamjihatlikda ish olib bormoqda. Prezidentimiz va hukumatimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan Parij-2024 yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga katta hajmda tayyorgarlik olib borilmoqda. Litsenzion musobaqalarga hozirlik ko‘rayotgan terma jamoalarimizning mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.
Fursatdan foydalanib, bugungi bayram munosabati bilan sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarni, terma jamoalarimizni, olimpiyachilarimizni va ularni tarbiyalayotgan jonkuyar murabbiylarimizni, o‘zbek sportining ashaddiy muxlislarini samimiy muborakbod etamiz.