19 Yanvar 2023 1209

Joriy yil Parij-2024ga olib borilayotgan tayyorgarlikni ko‘rsatib beradi

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida 2023-yil bo‘lib o‘tadigan yirik musobaqalarga tayyorgarlik, shuningdek, terma jamoalarda faoliyat olib borayotgan xorijlik mutaxassislar bilan ishlash mavzulariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, MOQ raisi maslahatchisi Alisher Karimov, federatsiya va assotsiatsiya mas’ullari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni Shahrullo Mahmudov olib bordi va kun tartibidagi masalalarning muhimligiga to‘xtalib o‘tdi. Mutaxassisning fikriga ko‘ra, joriy yil asosiy e’tibor Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etish hamda Parij-2024 Olimpiadasiga imkon qadar ko‘proq litsenziyalar qo‘lga kiritishga qaratiladi. Xususan, Osiyo o‘yinlarida kamida 2018-yilgi natijani qaytarish maqsadi qo‘yilganini bildirdi.

O‘z navbatida, Oybek Kasimov terma jamoalarni moliyalashtirish barqaror ketayotgani, tayyorgarlik hukumatimiz tomonidan to‘laqonli qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida to‘xtaldi. Qolaversa, federatsiyalar mas’ullaridan ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli sarflash lozimligini so‘radi. Shuningdek, Sherzod Tashmatov har bir jamoaning tayyorgarlik rejalarini yana bir karra ko‘rib chiqqan holda chuqur tahlil qilish lozimligini ta’kidladi.

Mutasaddilar yaqinlashib kelayotgan Olimpiya o‘yinlariga 400 nafardan ortiq sportchi bilan tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma’lum qilishdi. Tadbir davomida yana bir qator istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi. Ertadan grafik asosida har bir terma jamoalarda faoliyat olib borayotgan xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikning yangi bosqichlari federatsiya mutasaddilari ishtirokida batafsil ko‘rib chiqilishi haqida kelishib olindi.

Text to speech