18 Yanvar 2023 1811

Amaliya Sulaymonova Koreyadagi turnirda oltin medalga sazovor boʻldi

Uch nafar yosh figurali uchuvchilarimiz Koreya Respublikasida tashkil etilgan “Orzu dasturi” (Dream Program) loyihasida qatnashayotgani haqida maʼlum qilgan edik. Hamyurtlarimiz mazkur dasturdagi ishtiroklarini yakunlashdi.

13-17 yoshli qishki sport turlari atletlari uchun oʻtkazilgan tadbir davomida yosh sportchilarimiz ulkan tajribaga ega boʻlishdi. Ahamiyatlisi, figurali uchish boʻyicha Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi aʼzosi Amaliya Sulaymonova tadbir doirasida oʻtkazilgan oʻziga хos musobaqada birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. Mazkur loyihada jahonning 25 mamlakatidan tashrif buyurgan 130 nafarga yaqin yosh atletlar ishtirok etganligini taʼkidlash oʻrinli.

Mazkur loyiha Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitalari oʻrtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi mamlakatimizda qishki sport turlarini yanada rivojlantirish, 2026-yil Italiyaning Milan va Kortina dʼAmpesso shaharlarida boʻlib oʻtadigan qishki Olimpiya oʻyinlarida ishtirok eta oladigan yosh avlod vakillarining imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishga qaratilgan.

Shak-shubha yoʻqki, bunday darajadagi xalqaro loyihalar kelgusida yosh sportchilarimizga xorijlik kuchli raqiblar bilan tajriba almashish, jahonning yirik sport arenalari va musobaqalar atmosferasini his qilish, shu orqali xalqaro maydonda toblanib borish imkonini beradi va kun kelib albatta oʻz samarasini koʻrsatadi.

Text to speech