17 Yanvar 2023 1425

Triatlon bilan roʻyi zamin sayqalini qaytadan kashf qilamiz

16-17-sentyabr kunlari Samarqand shahrida triatlon boʻyicha “Challenge Samarkand” xalqaro musobaqasi boʻlib oʻtadi. “Silk Road Samarkand” turistik kompleksi boʻylab tashkil etiladigan ushbu musobaqada dunyoning turli chekkalaridan tashrif buyuradigan 1700 nafar atlet ishtirok etishi kutilmoqda.

Bugun Milliy matbuot markazida mazkur musobaqaga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun, federatsiya raisining birinchi oʻrinbosari Farruh Nosirov va koʻplab OAV xodimlari ishtirok etishdi. Shuningdek, “Challenge Family” musobaqalari bosh direktori Jort Vlam anjumanda ZOOM platformasi orqali qatnashdi.

Dastavval, Yelena Kun va Farruh Nosirov musobaqa haqida umumiy maʼlumot berishdi. Unga koʻra, bahslar professional va havaskorlar oʻrtasida sprint va oʻrta masofalarda shaxsiy hamda jamoaviy, qolaversa, alohida ayollar va bolalar oʻrtasida tashkil etiladi. Ahamiyatlisi, ushbu toifadagi musobaqa nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor oʻtkaziladi. Jort Vlam “Challenge Family” tasnifidagi poygalar boy tarixga ega Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi xalqaro tashkilotda katta qiziqish uygʻotayotgani, bu orqali triatlon oilasi oʻzbek xalqining madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega ekanidan mamnunligini bildirdi.

Oʻz navbatida, Shahrullo Mahmudov hamda Oybek Kasimov mamlakatimiz mazkur musobaqani ham yuqori saviyada tashkil etishga tayyor ekani, bu orqali hamyurtlarimiz orasida triatlonni yanada ommalashtirish koʻzda tutilgani haqida alohida toʻxtalishdi. Poyga yoʻnalishining shahardagi tarixiy obidalar boʻylab oʻtishi Samarqandning turistik imkoniyatlarini sport orqali yanada keng ochib berishini qoʻshimcha qilishdi. Shundan soʻng OAV xodimlari tadbir yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Qiziqarli munozaralarga boy boʻlgan anjuman davomida federatsiya mutasaddilari terma jamoamiz vakillarining Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olishni rejalashtirayotgani, bu yoʻlda “Challenge Samarkand” musobaqasi triatletlarimizning imkoniyatini koʻzdan kechirish uchun qulay start boʻlishini taʼkidlashdi. Tadbir yakunida mazkur musobaqada qatnashish istagida boʻlganlar uchun onlayn roʻyxatdan oʻtish boshlangani maʼlum qilindi.

Text to speech