17 Yanvar 2023 1938

Toshkent badiiy va sport gimnastikasi boʻyicha litsenzion Osiyo chempionatlariga mezbonlik qiladi

14-16-yanvar kunlari Qatar poytaxti Doxa shahrida Osiyo gimnastika ittifoqining (AGU) navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbirning birinchi kuni Ijroiya qoʻmitaning yigʻilishi doirasida texnik masalalar, jumladan, 2023-2024-yillarda gimnastikaning barcha yoʻnalishlari boʻyicha Osiyo chempionatlarini oʻtkazishga nomzod davlatlar masalasi koʻrib chiqildi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi mamlakatimizda quyidagi musobaqalarni oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritdi:

1. Akrobatika boʻyicha Osiyo chempionati – 2023-yil oktyabr;
2. Sport gimnastikasi boʻyicha XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi yoshlar va kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionati – 2024-yil may;
3. Badiiy gimnastikasi boʻyicha XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi yoshlar va kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionati – 2024-yil may;
4. Sport gimnastikasi murabbiylari uchun oʻquv kursi – 2023-yil;
5. Parkur murabbiylari uchun oʻquv kursi – 2023-yil.

AGU Bosh Assambleyasi davomida Osiyo gimnastika ittifoqi prezidenti, AGU vitse-prezidentlari (zonalar boʻyicha), Ijroiya qoʻmita aʼzolari, gimnastika yoʻnalishlari boʻyicha texnik qoʻmitalar rahbarlari ham ovoz berish yoʻli bilan aniqlandi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Rahmon Al Shatri (Qatar) AGU prezidenti etib qayta saylandi.

Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining bir qator vakillari AGUda turli lavozimlarga saylanishdi:

1. AGUning badiiy gimnastika boʻyicha texnik qoʻmitasi rahbari – Goʻzal Moʻminova, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining (OʻGF) birinchi vitse-prezidenti vazifasini bajaruvchi;
2. AGU vitse-prezidenti, Markaziy va Janubiy mintaqalar boʻlimi rahbari – Timur Abduvaliyev, OʻGF bosh kotibi;
3. Gimnastika hamma uchun texnik qoʻmitasi aʼzoligiga – Yuliya Rodimseva, OʻGF gimnastika hamma uchun boʻlimi rahbari;
4. Erkaklar sport gimnastikasi boʻyicha texnik qoʻmita aʼzoligiga – Ravshan Mirzayev, OʻGF sport gimnastikasi (erkaklar) texnik boʻlimi rahbari;
5. Ayollar sport gimnastikasi boʻyicha texnik qoʻmita aʼzoligiga – Stella Koshechkina, OʻGF sport gimnastikasi (ayollar) texnik boʻlimi rahbari;
6. Trampolin boʻyicha texnik qoʻmita aʼzoligiga – Yekaterina Xilko, Trampolin boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiyi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston va Yaponiya AGUga aʼzo 39 mamlakat orasida tashkilotda eng koʻp vakillari saylangan mamlakatlar boʻlishdi. Bundan tashqari, 4 mintaqadan tashkil topgan AGUning Markaziy va Janubiy hududini Timur Abduvaliyev boshqaradi.

Text to speech