1 Dekabr 2020 5060

Dmitriy Shokin: "finalda o'zimni biroz ayadim”

Taekvondo WT bo'yicha O'zbekiston chempionati yakuniga etgach, +87 kg vazn toifasida g'oliblikni qo'lga kiritgan terma jamoamizning etakchi vakili Dmitriy Shokin bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdik.

— Joriy mavsumdagi ikkinchi musobaqam bu. Ochig'i, g'olib chiqishimni kutgan edim. Karantindan oldin Turkiya ochiq chempionatida ishtirok etib qaytgan edik. Turnirlarni juda ham sog'inib qolgan ekanmiz. Ushbu chempionatda raqobat keskin ko'tarilgan. Yosh umidli sportchilar etishib kelayotganiga guvoh bo'ldim. O'tgan yili ham Shohrux Rajabov bilan finalda ro'baro'kelganimizda ham g'alaba qozonganman. Bu galgi bellashuvda Rajabovni 6:1 hisobida mag'lub etdim. Bizni mas'uliyatli turnirlar kutib turibdi. Tokio Olimpiadasi lisenziyalari uchun jamoamiz a'zolari baravar harakat qilishyapti. Chunki hali Olimpiya o'yinlariga kimlar borishi aniq emas. Bundan tashqari, Parij-2024 uchun taraddud boshlab yuborilgan.

— O'tgan yilning noyabr oyida Xitoyning usi shahrida "katta dubulg'a" musobaqasining II ochiq saralash bahslari chorak finalida Rajabov bilan to'qnash kelib qolgan edingiz va 2:0 hisobida mag'lubiyatga uchragan edingiz. Bunga nima sabab bo'lgan?

— 2019 yilning avgust oyida Germaniyada oyog'imdagi jarohat bois jarrohlik amaliyotini o'tkazganimdan so'ng ikki oy tiklanish bosqichini o'tkazdim. Orada ketma-ket musobaqalarda qatnasha olmasligimga to'g'ri keldi. Aytib o'tganingizdek, Xitoy turniri uchun saralash bellashuvlarida Shohrux bilan ro'baro'kelib qoldim va jarohatim pand berib, imkoniyatni boy berdim. Bundan tashqari, turnir qoidalarida ham o'zgarishlar bor edi, hali to'liq tiklana olmaganim uchun charchab qoldim. Bu o'ziga yarasha tajriba ham bo'ldi.

— O'zbekiston chempionatida haqiqiy Shokinni ko'rdikmi yoki bor mahoratingizni ko'rsata olmadingizmi?

— Dastlabki uchta bahsda Shokincha jang qildim. Finalda o'zimni biroz ayadim. Chunki Shohruxning vazni biroz og'irroq. Oyog'im qattiq tegsa, jarohat qaytalanishi mumkin edi. Shuning uchun tavakkal qilmasdan harakat qildim. Oldingi bellashuvlarni uzog'i ikki raundda tugatgan bo'lsam, bunisida kuchimni ko'p sarflamay, uch raund jang olib bordim.

— Demak, sport formasiga to'liq qaytgansiz?!

— Xudoga shukur, hozirgi kunda musobaqalarga tayyorman, deb ayta olaman. Barcha xavotirlar ortda qolgan. O'ylaymanki, hammasi yaxshi bo'ladi.

Text to speech