Kurash olamida yangi musobaqalar davri boshlanmoqda
BAAning Dubay shahrida Xalqaro kurash assotsiatsiyasining (IKA) yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2023 yil IKA tasnifida o‘tadigan xalqaro musobaqalar taqvimi ko‘rib chiqildi. Mazkur tadbirda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashining Osiyo o‘yinlari departamenti Bosh direktori Haydar Farmon, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, IKA mutasaddilari, qit’alardagi kurash assotsiatsiyalarining rahbarlari, O‘zbekiston kurash federatsiyasi vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda joriy yildan amal qiladigan “Kurash–World Series Pro” musobaqasini o‘tkazish tasdiqlandi. Unga ko‘ra, har bir qit’ada yiliga ikki bor “World Series Pro (WSP)” turniri o‘tkaziladi. Musobaqalar davomida kurashchilarning reytingi shakllantirib boriladi. Ushbu turnirlar yakunida har bir qit’aning o‘z vaznidagi eng kuchli 2 nafar kurashchisi Toshkentda o‘tadigan yakuniy WSP-Masters musobaqasiga yo‘l oladi.
Bellashuvlar erkaklar o‘rtasida -66 kg, -81 kg -100 va mutlaq vazn, ayollar o‘rtasida esa -57 kg, -70 kg va mutlaq vazn toifalarida o‘tkaziladi. Yig‘ilishda turnirning reglamenti atroflicha ko‘rib chiqildi. Mazkur seriyadagi har bir musobaqa IKA tomonidan tashkil etiladi va tashkilot mutaxassislari tomonidan nazorat qilinadi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, IKA faxriy prezidenti tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezident qaroriga binoan milliy sportimiz kurashni xalqaro maydonda yanada keng targ‘ib qilish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan hamkorlikda ushbu sport endi rivojlanayotgan mamlakatlarga kurash gilamlarini yetkazib berish masalalari ham ko‘rib chiqildi va kelishib olindi.