11 Yanvar 2023 1198

Federatsiya masʼullariga anomal sovuq davrida terma jamoalarning sharoitlarini yaxshilash boʻyicha topshiriq berildi

Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov sport federatsiya va assotsiatsiyalari bilan Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik holatini koʻzdan kechirishdi. Yigʻilishda federatsiya masʼullari ZOOM platformasi orqali onlayn ishtirok etishdi.

Kun tartibiga muvofiq, dastavval, yurtimizga kirib kelgan anomal sovuq davrida terma jamoalarning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash masalasi koʻrib chiqildi. Mutasaddilar ayni paytda mamlakatimizda shugʻullanayotgan terma jamoalarning holatini oʻrganish, sportchilarga berilayotgan oziq-ovqatlar ratsioni, xonalarining haroratini koʻzdan kechirish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berishdi.

Shundan soʻng joriy yil davomida boʻlib oʻtadigan kompleks musobaqalar, Osiyo va jahon chempionatlariga tayyorgarlik rejalari muhokama qilindi. Bu borada har bir jamoa uchun tashkil etiladigan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, mahalliy hamda xalqaro musobaqalar rejasini yana bir bor tahlil qilish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi.

Text to speech