9 Yanvar 2023 1125

Velosportchilarimiz Turkiya yig'inida

Ayni paytda velosport boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi asosini tashkil etadigan “Tashkent city professional cycling team” klubi Turkiyaning Antalya shahrida oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazmoqda. 16-dekabrda boshlangan yigʻin roppa-rosa 1 oyga moʻljallangan.

Murabbiy Gleb Groysman sportchilarni erkaklar va ayollar toifasida shosse hamda trek yoʻnalishidagi guruhlarga boʻlgan. Yigʻindan soʻng har bir guruh oʻzlari uchun ishlab chiqilgan reja asosida turli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishadi. Jumladan, shosse boʻyicha ayollar jamoasi Kipr va Turkiya, erkaklar esa BAA va Turkiyada tashkil etiladigan xalqaro musobaqalarda qatnashishadi.

Trekchilar esa dastlab yanvar oyining soʻngida Portugaliyada oʻtadigan Parij-2024 Olimpiadasi yoʻlidagi litsenzion turnirda, shundan soʻng Malayziyadagi xalqaro turnir va Indoneziyada Jahon kubogi bosqichida omadini sinab koʻrishadi. Yigʻinda qatnashayotgan sportchilarning umumiy soni 27 nafarni tashkil qiladi. Murod Xolmurodov hamda Olga Zabelinskaya alohida tartibda shugʻullanishmoqda.

Text to speech