Yosh sportchilarimiz “Orzu dasturi” loyihasida qatnashishmoqda
Shu kunlarda Koreya Respublikasida yosh atletlar uchun “Orzu dasturi” (Dream Program) loyihasi asosida ko‘p kunlik o‘quv kurslari va mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Dunyoning 25 mamlakatidan 130 nafar yosh sportchi qatnashayotgan mazkur dasturda hamyurtlarimiz ham ishtirok etishyapti.
Dastur shartiga ko‘ra, loyihada 13-17 yosh oralig‘idagi qishki sport turlari bilan shug‘ullanadigan sportchilar qatnashishi mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad 2024-yil Koreyaning Kanvon shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta oladigan yoshlarni jamlash, ularni o‘z yosh toifalariga oid zamonaviy metodikalar bilan tanishtirishdir. Mazkur loyihada figurali uchish bo‘yicha 3 nafar sportchimiz Sevinch Rahimova, Amaliya Sulaymonova hamda Timur Zvyagin murabbiy Irina Sazonova bilan mamlakatimiz nomidan ishtirok etishmoqda.