Iroda Toʻlaganovani tabriklaymiz!
Bugun oʻzbek tennisining eng yorqin vakillaridan biri Iroda Toʻlaganova tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Iroda Botirovna Toʻlaganova 1982-yil 7-yanvarda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Professional sportchi sifatida 1999-yildan faoliyatini boshlagan. Tennis boʻyicha Butunjahon oʻsmirlar oʻyinlari bronza medali sovrindori (1998, Moskva), oʻsmir qizlar oʻrtasida Osiyo chempionati (1999, Fukuoka), “Wimbledon” (1999, London) va juftlikda “US Open” turnirlari (1999, Nyu-York) gʻolibi. Pusan-2002 Osiyo oʻyinlarida yakkalik bahslarida oltin, mikst dasturida bronza medalini qoʻlga kiritgan.
“Shuhrat” medali, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” va “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvonlari sohibasi. Hozirda Oʻzbekiston tennis federatsiyasining Bosh kotibi va Osiyo tennis federatsiyasining vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib bormoqda.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Iroda Botirovnani tavallud ayyomi bilan tabriklab, unga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.