6 Yanvar 2023 1280

Oybek Kasimov Yaponiya elchisi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Bugun Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Xatori Takashi Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonni Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi. Uchrashuv davomida tomonlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashtirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oybek Kasimov 2023-yil hisobidan ilk rasmiy uchrashuvni janob Takashi bilan oʻtkazayotganidan mamnun ekanini bildirdi. MOQ Bosh kotibi Yaponiyaning nafaqat qitʼamiz, balki butun jahonda yetakchi sport derjavalaridan biriligini taʼkidlab, bunday mamlakat bilan hamkorlikni mustahkamlash oʻzbek sporti rivoji uchun faqat foyda boʻlib xizmat qilishini urgʻuladi. Bu borada Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlaridan avval Oʻzbekiston MOQ hamda Maydzuru shahri hamkorlik memorandumi asosida bir qator loyihalarni amalga oshirgani haqida gapirib berdi.

Oʻz navbatida, Xatori Takashi mamlakatimiz sporti haqida iliq fikrlar bildirdi. Xususan, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz tomonidan qoʻlga kiritilgan natijaga yuqori baho berdi. Elchi janoblari mamlakatimizdagi qisqa faoliyati davomida koʻplab sohalarni oʻrganib chiqqani, jumladan, “Amirsoy” dam olish maskani va “Humo arena” muz saroyining imkoniyatlarini yuqori baholadi.

Suhbat davomida yirik sport musobaqalari, xususan, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishda Yaponiya tajribasidan keng foydalanish, 2026-yil Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida oʻtadigan Osiyo oʻyinlariga hozirlik yoʻlida hamkorlik qilish, terma jamoalar oʻrtasidagi qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish kabi masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Text to speech