Shahrullo Mahmudov Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga qayta saylandi
Bugun Qatar poytaxti Doxa shahrida Osiyo ogʻir atletika federatsiyasining (OOAF) hisobot-saylov Kongressi boʻlib oʻtdi. Ushbu sportning qitʼamizdagi istiqbolli rejalari muhokama qilingan tadbirda OOAF rahbariyatining yangi tarkibi shakllantirildi. Eʼtiborlisi, unda Oʻzbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari, mamlakat ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov OOAFning vitse-prezidenti etib qayta saylandi.
Ovoz berish natijalariga koʻra, tashkilotning amaldagi prezidenti Yusuf Al Mana rahbarligini davom ettiradigan boʻldi. Shuningdek, Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud OOAFning birinchi vitse-prezidenti, Muhammad Al Harbi esa OOAF Bosh kotibi lavozimiga saylanishdi.
Bugun saylangan va tasdiqlangan rasmiylar Parij-2024 Olimpiadasigacha boʻlgan davr mobaynida oʻz lavozimlarida faoliyat yuritishadi. Qayd etish joiz, Shahrullo Mahmudov bungacha ham OOAFning vitse-prezidenti, shuningdek, Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib borgan edi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Shahrullo Sharipovichni masʼuliyatli lavozimga saylangani bilan tabriklab, hamyurtimizning kelgusi faoliyatida yanada katta kuch-gʻayrat va omad tilaydi.