O‘zbek sporti oilasi Igor Barabanni 75 yoshi bilan qutladi
2-yanvar kuni yurtimiz sportining faxriylaridan biri Igor Petrovich Baraban o‘zining 75 yoshini qarshi oldi. Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida keng jamoatchilik oldida Igor Petrovichni ushbu yubiley ayyom bilan tabriklash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Vazir maslahatchisi Avaz Karimov, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi faxriylar ishtirok etishdi.
Dastavval Igor Barabanning hayot yo‘lini o‘zida jamlagan avtobiografik videorolik namoyish etilib, kun qahramonining uzoq va sermahsul faoliyati yodga olindi. Shundan so‘ng Alisher Sa’dullayev Igor Petrovichni Yoshlar siyosati va sport vazirligi nomidan tabriklab, unga uzoq umr, sihat-salomatlik tiladi. Shuningdek, uning hayot yo‘li yoshlar uchun namuna bo‘lishini alohida ta’kidladi.
O‘z navbatida, Oybek Kasimov ham 75 yoshni qarshi olgan sportimiz fidoyisining mamlakatimizda Olimpiya harakati targ‘ibotini kuchaytirishdagi o‘rni haqida to‘xtaldi. So‘z yakunida minnatdorchilik ramzi sifatida uzoq yillik mehnati uchun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining esdalik nishonini topshirdi.
Tadbir davomida Bahodir Maxsitov, O‘zbekiston tennis federatsiyasi hamda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi vakillari, faxriylar ham Igor Barabanni tavallud ayyomi bilan qutlashdi.
Ma’lumot uchun, Igor Petrovich Baraban 1948-yil 2-yanvar kuni Samarqand shahrida dunyoga kelgan. U inson O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga asos solinishida bevosita ishtirok etgan mutaxassislardan sanaladi. 1992-yil MOQ tashkil etilgach 2005-yilgacha Qo‘mita raisining o‘rinbosari, keyinchalik Bosh kotib lavozimlarida yurtimizda Olimpizm harakatini keng targ‘ib qilish yo‘lida faoliyat olib bordi. Shundan so‘ng O‘zbekiston tennis hamda yilqichilik va ot sporti federatsiyalarida ham samarali mehnat qildi.