30 Dekabr 2022 1218

Oʻzbekiston regbi federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻtkazildi

Oʻzbekiston regbi federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi va 2022-yil yakunlariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev ochar ekan, 2022-yilda mamlakatimizda regbini rivojlantirish va ommalashtirish borasidagi ishlarni sarhisob qildi. S. Safoyev federatsiya oldida turgan asosiy vazifalarni belgilab, mutasaddilarga federatsiyaning 2023-yilga moʻljallangan ish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash, xususan, regbi bazasi qurilishi, milliy terma jamoalarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, regbiga yoshlarni, talabalarni, maktab oʻquvchilarini va aholining boshqa qatlamlarini yanada keng jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Anjumanda onlayn ishtirok etgan Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov va Jamoaviy sport turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Jasur Akramov harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi jahon chempionatida hamyurtlarimizning ishtiroki, Toshkent viloyati mezbonlik qilgan U-20 yosh toifasidagi Osiyo chempionatida terma jamoamizning erishgan yutuqlarini alohida taʼkidladilar.

Konferensiya davomida soʻzga chiqqan federatsiya Bosh kotibi Qahramon Jalilov 2022-yil uchun oʻtkazilgan yigʻinlar va terma jamoalarning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki boʻyicha yillik hisobotini taqdim etdi. Shundan soʻng kun tartibiga muvofiq federatsiya Ijroiya qoʻmitasi va Taftish komissiyasining yangi tarkibini tasdiqlandi.

Federatsiya raisi hisobot-saylov konferensiyasi yakunlarini sarhisob qilar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2023-yil mamlakatimizda sportni rivojlantirish boʻyicha ulkan maqsad va vazifalar belgilab berilganini taʼkidladi. Federatsiya xodimlaridan masʼul tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan vazifalarni bajarish uchun bor kuch-gʻayratini ishga solishlari soʻradi.

Text to speech