30 Dekabr 2022 2140

2022-yilgi jahon chempionatlarining gʻolib va sovrindorlari munosib taqdirlanishdi

Yakuniga yetib borayotgan yil oʻzbek sporti uchun ulkan muvaffaqiyatlarga boy boʻldi. Sportchilarimiz Osiyo va jahon chempionatlari, kompleks musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, Vatanimizga yorugʻ yuz bilan qaytishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarini mukofotlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-4056 Farmoniga asosan har yili Olimpiya va Paralimpiya sport turlarida kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar hamda ularni tayyorlagan trenerlar bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishadi. Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida 2022-yil dunyo birinchiliklarida shohsupaga koʻtarilgan sportchi va trenerlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Adham Ikramov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov va Azizjon Kamilov, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, federatsiya va assotsiatsiyalarning masʼullari, sportchi va murabbiylar, faxriylar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida oʻzbek sportining 2022-yilgi gʻalabalariga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan soʻng Adham Ikramov soʻz olib, yurtimiz sportining ahil oilasini kirib kelayotgan yangi yil bilan qutladi. Shuningdek, vazir ortda qolgan yil sarhisobi haqida toʻxtalib, davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan yil sportimiz uchun omadli va muvaffaqiyatli oʻtgani, kelgusi yil ham mana shunday gʻalabalar bardavom boʻlishi tiladi.

Shundan soʻng taqdirlash marosimiga navbat berildi. Unga koʻra, jahon chempionatlarida oltin medalni qoʻlga kiritgan sportchilarimiz 12 000, kumush medal sohiblari 6 000 va bronza medali egalari 3 000, murabbiylar ham mos ravishda 6 000, 3 000 va 1500 AQSH dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Oʻz navbatida, sportchi va murabbiylarimiz davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan mamnun ekanliklarini bildirib, kelgusida ham bildirilgan ishonchni oqlashga vaʼda berishdi.

Shuningdek, taqdirlash marosimi doirasida “Milliy sport mukofoti-2022”ning “Xalqaro tadbirlarning eng yaxshi tashkilotchisi” nominatsiyasi gʻolibi Osiyo Olimpiya kengashiga atalgan sovrin tantanali ravishda tashkilotning mamlakatimizdagi vakili, OOK vitse-prezidenti Otabek Umarovga topshirildi.

Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbirni faxriylarimizning oq fotihasi yakunlab berdi.

Text to speech