5 Yanvar 2021 1739

Behzod Rahimboev: "Italiyada pul bilan o'lchanmaydigan katta tajriba olaman”

Bu yil yosh velosportchilarimizdan biri Behzod Rahimboev uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. Behzod o'tgan yili Italiyaning "Team Viris Vigevano" jamoasi bilan shartnoma imzolashga muvaffaq bo'lgan edi. Hozirda sportchimiz Italiya safariga yo'l olish niyatida. E'tiboringizga velosportchimiz bilan tashkil qilgan kichik suhbatimizni havola qilamiz.

– Italiya jamoasidan taklif qanchalik kutilmagan edi?
– Ochig'i, bunday taklifni kutmagan edim. Ular meni 1-2 musobaqalardagi ishtirokimni ko'rishgan ekan. Oktyabr oyida rasmiy taklif bilan chiqishdi va murabbiylarim buni qo'llab-quvvatlashgach o'ylab o'tirmay rozi bo'ldim.

– Shartnoma necha yilga tuzilgan va sir bo'lmasa, uning moliyaviy bandlari qanday?
– Shartnoma 1 yillik. Ochig'i maoshim u qadar ko'p emas. Asosiysi, mening u erdagi oziq-ovqat va yashash harajatlarim to'laligicha jamoa hisobidan bo'ladi. Qo'shimchasiga, yil davomida tashkil qilinadigan musobaqalarda egallagan o'rinlarimga qarab qo'shimcha bonuslar olaman. Asosiysi, men u erda pul bilan o'lchanmaydigan katta tajribaga ega bo'laman.

– Italiyaga yo'l olishni qachonga mo'ljallayapsiz?
– Menimcha, Turkiyadagi yig'indan so'ng. Bir necha kundan so'ng Turkiya safariga yo'l olamiz. U erdagi mashg'ulotlar yakunlangach ketsam kerak. Boisi u jamoa to'liq shakllantirilib, musobaqalar taqvimi e'lon qilingach borsam, maqsadga muvofiq bo'ladi.

– Futbolga ham qiziqasizmi? So'ramoqchi bo'lganim, hozir Italiya chempionatida o'zbekistonlik futbolchi to'p tepmoqda. Imkon bo'lsa, balki uning o'yinlarini ko'rgani borarsiz?
– Ochig'i, futbolga u qadar qiziqmayman. Lekin hamyurtimiz Eldor Shomurodovning Italiya chempionatida o'ynayotgani haqida eshitdim. Albatta, imkoni bo'lsa yurtdoshimning o'yinlarini kuzatgani boraman.

– Kelajakdagi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. Suhbat uchun rahmat!
– Rahmat

Umid qilamizki, Behzod Rahimboev singari hamyurtlarimizning Evropaga yo'l olishi o'sib kelayotgan yosh sportchilarimiz uchun yanada katta motivasiya berishi aniq.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech