11 Fevral 2021 4089

Ilias Iliadis: Yigitlardagi ishtiyoq meni xursand qilmoqda

Hozirda dzyudo bo'yicha O'zbekiston kattalar terma jamoasi Turkiyaning Antalya shahrida o'tkazilayotgan xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'inida ishtirok etyapti. 14 fevralga qadar davom etadigan ushbu yig'inda O'zbekiston va mezbonlardan tashqari Ozarbayjon, Italiya, Bolgariya, Ukraina, Shveytsariya kabi kuchli terma jamoalar ham asosiy tarkiblari bilan mashg'ulot olib borishmoqda.

"Tel-Aviv turniriga tayyorgarlik reja asosida davom etmoqda. Ushbu yig'in barcha ishtirokchilar singari biz uchun ham foydali bo'lyapti. Meni birinchi navbatda yigitlarning o'zlariga bo'lgan ishonchi, mashg'ulotlarga ishtiyoq bilan yondashayotgani xursand qilmoqda. Nomdor dzyudochilar bilan o'tkazilayotgan sparring-bellashuvlar ham foydamizga xizmat qilishidan umidvorman. Eng muhimi, dzyudochilar bu yig'indan olgan ko'nikmalarini Isroildagi musobaqada ko'rsata bilishsin. O'rganish boshqa, uni amaliyotga tatbiq etish umuman boshqa narsa. Shundan kelib chiqib ham yigitlarga o'zlariga bo'lgan ishonchni yanada oshirishni so'rayapman, talab qilyapman. Olimpiadagacha barmoq bilan sanarli musobaqalar qoldi. Har bir turnirdan maksimal darajada ochko olishga harakat qilish kerak", – dedi terma jamoa bosh murabbiyi Ilias Iliadis.

Ma'lumot uchun, Antaliya yig'ini barcha terma jamoalar uchun oldinda turgan tel-Aviv "katta Dubulg'a" turniriga so'nggi tayyorgarlik bosqich vazifasini o'tab bermoqda.

O'zbekiston dzyudo federasiyasi matbuot xizmati

Text to speech