19 Dekabr 2022 1142

Jahon chempionatidan qaytgan ogʻir atletikachilarimiz tantanali kutib olindi

5-16-dekabr kunlari Kolumbiyaning Bogota shahri ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Unda yurtimiz sharafini himoya qilgan ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi vatanimizga qaytib keldi. Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari, mamlakat ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi delegatsiyani vazir Adham Ikramov hamda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va katta sport jamoatchiligi kutib oldi.

Mutasaddilar atletlarimizni qoʻlga kiritgan yutuqlari bilan qutlashar ekan, kelgusida ulardan yanada ulkan natijalarni kutib qolishlarini aytishdi. Xususan, -109 kg vazn toifasida jahon “taxt”tiga qaytgan Ruslan Nurudinovning gʻalabasi yana bir karra madh etildi. Uning bu natijasi oʻzbek ogʻir atletikasida yangi sahifa ochgani alohida tilga olindi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston terma jamoasi jahon chempionatida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida musobaqani oltinchi pogʻonada yakunladi.

Text to speech