19 Dekabr 2022 1331

Osiyo chempionatining bugungi bellashuvlarini bronza medali bilan yakunladik

Ma’lum qilganimizdek, poytaxtimizda karate WKF bo‘yicha qit’a birinchiligi bo‘lib o‘tmoqda. Bugun sportchilarimiz jamoaviy yo‘nalishda medallar uchun kurash olib borishdi.

Malayziyaga qarshi 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan bellashuvlarni boshlagan karatechilarimiz keyinchalik Kambodjadan 3:0 hisobida ustun kelishdi. Biroq chorak finalda Eronga 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. Shundan so‘ng bronza medali yo‘lida tatamiga chiqqan hamyurtlarimiz dastlab Turkmanistonni 3:0, hal qiluvchi bosqichda esa Saudiya Arabistonini 3:2 hisobida dog‘da qoldirishdi.

Afsuski, birinchi bellashuvdayoq Eronga ro‘baro‘ kelgan qizlarimiz 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, medallar uchun kurashni erta tark etishdi.

Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi uchun mazkur musobaqa yakunlandi. Ertangi dasturda kumite yo‘nalishida faqat final janglari bo‘lib o‘tadi. Hamyurtlarimiz o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida kechayotgan ushbu musobaqada jami 2 ta oltin, 4 ta kumush va 11 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu natija bilan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasini tabriklab, sportchilarimizga kelgusi musobaqalarda ham omad tilaydi.

Text to speech