7 Aprel 2021 4830

Alisher Alimov: "Sportchilar uchun mamlakat rahbari tomonidan qo'llab-quvvatlov borligini his qilish judayam muhim”

Xabaringiz bor, yaqinda Rossiya Federasiyasi poytaxti Moskva shahrida sambo bo'yicha Jahon kubogi o'tkazildi. Unda mamlakatimiz sambochilari ham muvaffaqiyati ishtirok etishdi.

Musobaqa davomida O'zbekiston sambo assosiasiyasi raisi Alisher Alimov xalqaro sambo federasiyasi matbuot xizmatiga katta intervyu berdi. FIAS rasmiy saytida e'lon qilingan ushbu suhbatda Alisher Alimov o'zbek sportchilarining xalqaro arenalarda erishayotgan muvaffaqiyatlari, vazn toifalari o'zgarishining natijalarga ta'siri, shuningdek Toshkent shahrida o'tkaziladigan sambo bo'yicha jahon chempionati haqida to'xtalib o'tdi. Quyida ushbu intervyuni e'tiboringizga havola qilamiz.

– O'zbek sportchilarining Jahon kubogidagi ishtirokini qanday baholaysiz?
– Birinchi navbatda xalqaro sambo federasiyasi, shuningdek, Rossiya sambo federasiyasiga mana shunday sport bayramini tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Yaxshi bilasiz, pandemiya sabab jahon miqyosida bunday musobaqalar kam tashkil etilmoqda va biz buning ortida qanday mehnat turganligini tushunib turibmiz. O'zbek sportchilarining ishtiroki haqida gapirsam, agar e'tibor bergan bo'lsangiz, ushbu Jahon Kubogiga biz yangilangan tarkib – O'zbekiston chempioni bo'lgan yigit va qizlar bilan keldik. Biz ularga xalqaro maydonda chiqish qilib, o'zlarini ko'rsatishlari va tajriba to'plashlariga imkon berdik. Har qanday sportchi o'z yurtidagi va xalqaro arenadagi musobaqada o'zini turlicha his qilishi xech kimga sir emas.

– Musobaqaning birinchi kuni o'zbek sambochilari uchun qay darajada omadli kechdi deb hisoblaysiz?
– Biz albatta, musobaqaning ilk kunidan bundan ham yaxshiroq natija kutgandik. Ammo bu sport, unda natijalarni oldindan bilib bo'lmaydi. Shuni aytishim kerakki, sportchilarimiz bahslarga jiddiy hozirlik ko'rishgandi. Har bir xalqaro start oldidan biz sportchilarni jiddiy tayyorlaymiz. Bu safar sovrindor sportchilarimizni, jahon chempionlarini 4-6 iyun kunlari Toshkentda o'tkaziladigan Osiyo chempionati uchun saqlab qo'yishga qaror qildik. Bundan tashqari, O'zbekiston poytaxti 12-14 noyabr kunlari sambo bo'yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Sportchilarimizda o'zlarini har tomonlama ko'rsatish imkoniyati bor.

– So'nggi yillarda O'zbekiston terma jamoasi xalqaro musobaqalarda yuqori natijalar qayd etmoqda. Sizningcha, bu nima bilan bog'liq?
– Bilasiz, 2019 yilning boshidan O'zbekiston sambo assosiasiyasi jamoasi o'zgardi: bosh direktor, katta murabbiylar, ayollar murabbiylari, yoshlarda ham shunday. Shuningdek, sambo assosiasiyasi rahbariyatida ham o'zgarish bo'ldi. Rais o'rinbosarlari, ma'muriy tarkib almashdi. Hamkasblarim bilan birga O'zbekistonda sambo rivoji yo'lida mehnat qilyapmiz. Ammo, shuni alohida qayd etishimiz lozimki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining sportga, xususan samboga qaratayotgan hozirgi e'tibori bo'lmaganida, biz bunday natijalar qayd eta olmagan bo'lardik. Assosiasiya rahbariyati va sportchilar uchun mamlakat rahbari tomonidan qo'llab-quvvatlov borligini his qilish judayam muhim.

Natijalar haqida gapirsak, O'zbekiston terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatida 12-o'rinni qo'lga kiritgandi. 2019 yilda esa beshinchi bo'ldik. 2020 yili Serbiyada tashkil etilgan jahon birinchiligida esa 3-o'ringa ko'tarildik. Bu biz uchun jiddiy natija, oldinga tashlangan katta qadamdir. Men sportchilarimiz va jamoam bilan faxrlanaman.

– Muvaffaqiyatingiz siri nimada?
– Mamlakat rahbariyatining samboga qaratayotgan e'tibori va jamoamizning chin dildan mehnat qilayotgani. Biz sportchilarga yaxshi sharoit yaratib berish uchun barchasini qilyapmiz. Ular esa o'z navbatida gilamda barchasini ko'rsatishmoqda. Albatta, biz erishilgan natija bilan to'xtab qolmoqchi emasmiz va oldinga intilamiz. O'ylaymanki, biz hali sambo muxlislarini yana xursand qilamiz.

– Siz Respublika Prezidentining qo'llab-quvvatlashi haqida gapirdingiz. Bu nimada aks etmoqda?
– Sir emas, sportda Olimpiya va noolimpiya sport turlari degan tushunchalar bor. Rossiyada sambo Olimpiya sport turlari bilan tenglashtirilgan, ammo barcha mamlakatlarda ham bunday emas. Bizning respublikamizda masalan sambo 2019 yilga qadar davlat tomonidan bir qism moliyalashtirilgan. 2019 yildan boshlab Xudoga shukr, bugungi kungacha assosiasiyamiz barcha xalqaro musobaqalarda – jahon chempionatidan tortib, Jahon Kubogigacha yuz foiz davlat hisobidan moliyalashtirilmoqda. O'zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi, shuningdek Milliy Olimpiya qo'mitasi sportchilarimizni qo'llab-quvvatlamoqda.

– Tushunishim bo'yicha, qo'llab-quvvatlov faqat bu tomonlama emas. Ommaviy axborot vositalari tomonidan ham ushbu sportga e'tibor oshganini bilaman. O'zbekistondagi sambochilar – yulduzlar…
– Fikringizga qo'shilaman. Ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan faol ishlamay turib, bunday samaraga erisha olmasdik. Biz aynan OAV samboni ommaviylashtirishda eng asosiy qurol ekanligini tushunamiz. Shuning uchun jurnalistlar bilan hamkorlik qilamiz. So'nggi ikki yilda OAVda, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda sambo haqidagi ma'lumotlar ko'paydi. Bu bizning Telegram, Instagram va feysbukdagi sahifalarimizda ham ko'rinib turibdi. Saytimizda manzilimiz, elektron pochtamiz, telefon raqamlari haqida ma'lumotlar bor. Ular orqali ko'plab murojaatlar, izohlar bo'ladi. Biz ular bilan samboning istiqboli, rejalar haqida gaplashamiz.

– Keling, ayni paytda "Lujniki"da o'tkazilayotgan turnirga qaytamiz (suhbat mart oyidagi Jahon kubogi vaqtida uyushtirilgan). Jahon kubogi ilk marotaba yangi vazn toifalarida o'tkazilmoqda. Bu sportchilaringizning tayyorgarligi va natijaga qay darajada ta'sir ko'rsatdi? Bunga tayyormidingiz?
– Tayyor edik. Har yili fevral oyida biz sambo bo'yicha Respublika chempionatini o'tkazamiz. Bu yil ham ilk marotaba yangi vazn toifasida musobaqani tashkil etdik. Albatta, avvaliga sportchi va murabbiylar uchun bu erish tuyuldi. Ammo chempionat oldidan biz murabbiy va hakamlar uchun seminar tashkil etdik va u erda barchasini tushuntirdik. Barchasi vaqt o'tgani sayin o'zgaradi, odamlar tez o'rganishadi va ko'nikishadi. O'zim qo'shimcha sifatida shuni aytishim mumkinki, sportchilarimizning ko'pi bu o'zgarishlardan xursand. Chunki, vazn tashlash bilan bog'liq masalalar ular uchun osonlashdi.

– Aniqrog'i, tayyorgarlik jarayoni va O'zbekiston terma jamoasining musobaqada qayd etayotgan natijalari siz uchun kutilmagan hol bo'lmadi. Vaznlar o'zgarishi bilan bog'liq sensasiyalar bo'lmadimi?
– To'ppa-to'g'ri. Aytib o'tganimdek, biz bundan ham ko'prog'ini kutgandik. Lekin, baribir natijalardan mamnunman. Birinchi kun davomida to'rt sportchimiz finalgacha etib keldi. Ikkinchi kun ham finalchilarimiz bor. Umid qilamizki, ularning barchasi g'alaba qozonadi.

– 1 yanvardan saralash masalasida xalqaro qoidalar kuchga kirdi. Kamar tizimining yo'lga qo'yilishi O'zbekistonda va jahonda sambo rivojiga hissa qo'sha oladi deb o'ylaysizmi?
– Shubhasiz! Reyting har bir sport turida bo'lishi lozim. Sambochilar, shuningdek bolalar haligacha shahar, tuman va boshqa musobaqalarda qo'lga kiritgan medallari bilan yurishardi. Kamarlarning paydo bo'lishi sambo bilan shug'ullanayotgan bolalar va o'z o'rnida kattalarga ham motivasiya beradi.

– Suhbatimiz avvalida sambo bo'yicha Osiyo chempionati va Jahon chempionati O'zbekistonda o'tkazilishi haqida aytib o'tdingiz. Bunday qaror nima bilan bog'liq?
– 2025 yilda Toshkent yoshlar o'rtasidagi Osiyo o'yinlarini qabul qiladi. Qaror qabul qilindi va Toshkent mezbon mamlakat sifatida ushbu musobaqaga tayyorlanishni boshladi. Bilasiz, mezbon davlat o'yinlar dasturidagi sport turlarini o'zi tanlaydi. Biz jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo'mitasi bilan bu borada muzokara o'tkazdik va tashkilotchilardan samboni ham o'yinlar dasturiga kiritilishini so'radik. O'zbekistonda sambo rivojlanib kelayotgani hisobga olingan holda, ushbu g'oya qo'llab-quvvatlandi.

Ushbu o'yinlar oldidan Toshkent yirik sport musobaqalarini ham o'tkazishi kerak. Sambo bo'yicha Osiyo va jahon chempionati tajriba to'plash, o'zini ko'rsata olish uchun yaxshi imkoniyat. Ammo asosiysi, ushbu sport turini mamlakat va jahon bo'ylab ommaviylashtirishdir.

– Bir yilda ikki yirik musobaqa mamlakatingiz uchun qiyinlik qilmaydimi?
– Xalqaro sambo federasiyasi ijro qo'mitasi bizning nomzodimizni qo'llab-quvvatlaganida juda xursand bo'ldik: bu biz uchun sharaf va FIAS taqvimidagi yilning asosiy musobaqasini o'tkazamiz. Biz o'zimizga bildirilgan ishonchni oqlaymiz. Musobaqa ishtirokchilari va muxlislar ushbu sport bayramidan haqiqiy zavq olishlari uchun qo'ldan kelgan barcha ishni qilamiz.

Text to speech