Ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionatini beshta medal bilan yakunladik
Kolumbiyada ogʻir atletika boʻyicha kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligi oʻz poyoniga yetdi. Musobaqaning soʻnggi kunida +109 kg vazn toifasidagi polvonlar supaga chiqishdi.
Maʼlum qilganimizdek, unda Akbar Joʻrayev yurtimiz sharafini himoya qilishi kerak edi. Biroq Joʻrayev soʻnggi tayyorgarlik jarayonida kichik jarohat olgani bois murabbiylar shtabi tavakkal qilib uni supaga chiqishini istamadi. Afsuski, Olimpiada chempioni bu dunyo birinchiligini medalsiz yakunladi.
Oʻzbekiston terma jamoasining musobaqadagi ishtirokiga toʻxtaladigan boʻlsa, hamyurtlarimiz chempionatda 3 ta oltin, 1 tadan kumush hamda bronza, jami 5 ta medalga sazovor boʻlishdi. Bu bilan medallar jamgʻarish boʻyicha terma jamoamiz oltinchi natijani qayd etdi. Erkaklar oʻrtasida esa 3 ta oltin medal bilan toʻrtinchi pogʻonaga koʻtarildik.
Shubhasiz, Ruslan Nurudinov biz uchun musobaqa qahramoniga aylandi. -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan Nurudinov ikki karra jahon chempioniga aylanib, mazkur vaznda oʻzbekistonlik atletlar jahonda hamon tengsiz ekanini koʻrsatdi. Shuningdek, Tursunoy Jabborova -87 kg vazn toifasida dast koʻtarish mashqida kumush, ikki kurashda esa bronza medalini qoʻlga kiritdi. Qolgan atletlarimiz garchi sovrinli oʻrinlarni egallashmagan boʻlsalar ham, Parij-2024 Olimpiadasi yoʻlida qimmatli reyting ochkolariga egalik qilishdi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi va sportchilarimizni mazkur dunyo birinchiligida qoʻlga kiritilgan natija bilan qutlab, jamoamizga kelgusi musobaqalarda ham omad va zafarlar tilaydi.