Pedagogika fanlari doktori, professor Ahrol Ro‘ziyev 65 yoshda!
Bugun o‘zbek va jahon sportida o‘z mavqeiga ega bo‘lgan hamyurtimiz, Birlashgan kurash dunyosi vitse-prezidenti, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari Ahrol Ro‘ziyev tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Ahrol Ro‘ziyev 1957 yil 16 dekabr kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. O‘z umrini sport kurashlariga baxshida qilgan hamyurtimiz bugunga kelib uzoq yillik mashaqqatli mehnatlarining samarasini ko‘rmoqda. Pedagogika fanlari doktori, professor Ahrol Ro‘ziyev ayni paytda Birlashgan kurash dunyosining vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib bormoqda. Sport kurashlari bo‘yicha terma jamoamizning bugungi kunda jahonning eng yetakchi jamoalaridan biriga aylanishida, polvonlarimiz qo‘lga kiritayotgan natijalarda ushbu mutaxassisning xizmati beqiyos.
Ahrol Ro‘ziyev 2007-2016 yillar O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutida sport o‘yinlari va milliy sport turlari bo‘yicha kafedra professori, 2008-2014 yillarda FILA ijroqo‘m a’zosi bo‘lgan. Davlatimiz tomonidan ikkinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi" faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Ahrol Ro‘ziyevni tavallud ayyomi bilan muborakbod etib, uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.