Oybek Kasimov World Aquatics eksperti bilan suzishni yanada ommalashtirish mavzularini muhokama qildi
Maʼlumki, suzish butun dunyoda eng ommaviy sport turlaridan biri hisoblanadi. U bilan muntazam shugʻullanishning foydasi katta ekani barchaga yaxshi maʼlum. Ayniqsa, uni yoshlar orasida yanada keng targʻib qilish aholi salomatligini mustahkamlash yoʻlidagi katta qadam boʻladi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov poytaxtimizda boʻlib turgan Butunjahon suv sporti turlari federatsiyasi (World Aquatics) eksperti Aleksey Akatyev bilan ushbu mavzu yuzasidan suhbatlashdi. Uchrashuvda Alisher Gʻaniyev boshchiligidagi Oʻzbekiston suzish federatsiyasi vakillari hamda suv sporti turlari boʻyicha bir qator tashkilotlarning mutasaddilari ham ishtirok etishdi.
Oybek Omilovich Butunjahon suv sporti turlari federatsiyasi bilan Oʻzbekiston oʻrtasida mustahkam aloqalar yoʻlga qoʻyilgani, kelajakda koʻplab istiqbolli loyihalar ustida hamkorlik qilinishi, davlatimiz va hukumatimiz tomonidan barcha sport turlari rivojiga katta ahamiyat berilayotgani haqida gapirib oʻtdi. Shuningdek, Respublikamizning barcha hududlarida 6-10 yoshli bolalar oʻrtasida suzish sportini targʻib qilish, bunda jahon tajribasini oʻrgangan holda yangi dasturlar ishlab chiqish kabi masalalar boʻyicha takliflarini bildirdi.
Joriy yilning yozida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov boshchiligidagi delegatsiya Vengriyada oʻtgan suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionatiga tashrif buyurgan edi. Mazkur gʻoya oʻshanda rasmiylar oʻrtasida kechgan uchrashuvlarda ilgari surilgan.
Oʻz navbatida, xorijlik mutaxassis xalqaro tashkilot suzish sportining yanada ommaviylashishidan manfaatdor ekanini, tashrif davomida mamlakatimizning koʻplab hududlarini koʻzdan kechirib ulgurganini aytdi. Ayniqsa, Samarqand shahridagi ochiq suv havzasi barcha talablarga javob berishi va bu inshoot bolalar oʻrtasida suzish ommaviyligini kuchaytirish, kelgusida turli yosh toifalarida xalqaro musobaqalarni oʻtkazish uchun juda qulayligini bildirdi.
Suhbat davomida tomonlar ilgari surilgan takliflarni amalga oshirish rejalari, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik doirasida kuchli mutaxassislarni jalb etish, xorijlik seleksionerlar bilan Respublika boʻylab iqtidorli yoshlarni aniqlash kabi mavzularda fikr almashishdi.
Mutaxassis 2 kunlik tashrifi davomida Qarshi va Samarqand shaharlarida boʻlib, hududlardagi suv sporti infratuzilmasini batafsil oʻrgandi. Uning xulosalari asosida fevral oyida mahalliy mutaxassislar uchun oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.