15 May 2021 4848

Marat Qurbonov: "Osiyo chempionati Olimpiada oldidan so'nggi imtihon bo'ladi”

Ayni paytda boks bo'yicha O'zbekiston Milliy terma jamoasi Toshkent viloyatida o'quv-mashg'ulot yig'inini olib bormoqda. O'zbekiston boks federasiyasi matbuot xizmati ushbu yig'in borasida terma jamoamiz bosh murabbiyi Marat Qurbonovning fikrlari bilan qiziqdi.

"Bokschilarimiz Sankt-Peterburgdagi xalqaro nufuzli musobaqada qatnashishdi, bu bokschilarimiz uchun muhim ko'riklardan biri edi. Hozirda navbatdagi yig'inimiz Toshkent viloyatidagi "Yangiobod" o'quv-bazasida davom etmoqda. Unda Jazoir, Eron, Iordaniya va Ozarbayjon tema jamoalari bilan birga mashg'ulotlar o'tkazmoqdamiz. Bu tayyorgarlik Osiyo chempionatiga qaratilgan. Birlashgan Arab Amirliklari mezbonlik qiladigan Osiyo chempionati Tokio Olimpiadasi oldidan terma jamoamiz bokschilari uchun so'nggi imtihon bo'ladi. Osiyo chempionatidan keyin bizda 55 kun vaqt bo'ladi. Barcha rejalar tuzib chiqilgan.

Osiyo chempionatidan keyin 10 kunlik tiklanish yig'ini bo'ladi. Keyin esa 20 iyundan 5 iyulgacha "Yangiobod" bazasida yig'in belgilangan. Oxirgi yig'inimiz esa 6-22 iyul kunlari Yaponiyada bo'ladi. 24 iyuldan boshlab esa Xudo xohlasa, bokschilarimiz Olimpiadada ringga chiqishni boshlashadi.

Tayyorgarlik uchun sharoitlar hukumatimiz, turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo'mitamiz va O'zbekiston boks federasiyasi tomonidan yaratib berilgan. Buning uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Yaqinda O'zbekistonda boksni yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi Prezident qarori chiqdi. Yurtimizda boksga e'tibor yanada kuchaymoqda. O'zbekistonda boks bilan shug'ullanayotganlar soni bir necha barobar ko'payib ketdi. Xudoga shukr, ayni paytda terma jamoamiz zaxirasi uchun ham sportchilar etishib chiqmoqda. Boksga shaxsan mamlakatimiz Prezidenti tomonidan e'tibor qaratilmoqda. Bu e'tibordan ruhlanib 2 barobar ko'p ishlashimiz lozim. Qo'lga kiritilayotgan natijalar bilan to'xtab qolmasligimiz kerak. Biz ajoyib natijalarni davom ettirishga harakat qilamiz", – dedi Marat Qurbonov.

Text to speech