Adham Ikramov Rossiya skeytbording federatsiyasi rahbarini qabul qildi
Skeytbording butun dunyoda ommalashib borayotgan sport turlaridan biri hisoblanadi. Xususan, Tokio-2020 Olimpiadasidan boshlab 4 yillikning eng nufuzli musobaqasi dasturidan o‘rin egallamoqda. Shubhasiz, mamlakatimizda ham skeytbording bilan shug‘ullanadigan yoshlar ko‘plab topiladi. Joriy yil tashkil etilgan O‘zbekiston skeytbording assotsiatsiyasi ushbu sport oilasi vakillarini birlashtirdi.
Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida World Skate Xalqaro skeytbording federatsiyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha elchisi, Rossiya skeytbording federatsiyasi rahbari Ilya Vdovin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Rossiya skeytbording federatsiyasi vitse-prezidenti Irina Neuymina qatnashishdi.
Adham Ilhamovich ushbu sport turi mamlakatimizda rivojlanish sari ilk qadamlarini tashlagani, davlatimiz tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida muayyan ishlar qilinayotgani xususida batafsil gapirib berdi.
Ilya Vdovin skeytbordingni yurtimizda ommalashtirish, kelgusida ikki mamlakat sportchilari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, yirik musobaqalarga tayyorlanishlari uchun o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan mamnun ekanini bildirdi.