Antonio Espinos Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni yuqori baholadi
Toshkentda oʻtadigan karate (WKF) boʻyicha Osiyo chempionatining faxriy mehmoni, Butunjahon karate federatsiyasi prezidenti Antonio Espinos poytaxtimizga tashrif buyurgani haqida maʼlum qilgan edik. Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida u bilan karate rivojiga oid bir qator masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasi raisi Rashid Talipov, Osiyo karate federatsiyasi prezidenti, general-mayor Nasir Al Razuqi ishtirok etishdi.
Dastavval Adham Ilhamovich Prezidentimizning mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga qaratayotgan eʼtibori xususida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlarida karatechilarimizning muvaffaqiyatli ishtirok etib, 2 ta oltin va 1 ta bronza medallariga sazovor boʻlgani, 2 kundan soʻng start oladigan qitʼa birinchiligida ham terma jamoamiz barcha vazn toifalarida medallar uchun kurash olib borishini bildirdi.
Oʻz navbatida, janob Espinos ham karatechilarimizning imkoniyatlarini yuqori baholadi. Shuningdek, u boʻlajak qitʼa birinchiligiga olib borilayotgan tayyorgarlik, mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlarni ijobiy baholadi. Qolaversa, 2028-yil Los-Anjelesda boʻladigan Olimpiya oʻyinlari dasturiga karateni yana qaytarish uchun oʻzaro hamjihatlikda ishlash muhimligini taʼkidladi.
Suhbat davomida tomonlar yurtimizda karatening ommaviyligini oshirish, mamlakatimizda xorijlik kuchli mutaxassislar ishtirokida seminarlar tashkil etish, kelgusida Oʻzbekistonda yanada nufuzli musobaqalarni oʻtkazish, 2025-yil Toshkentda boʻladigan yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlikda hamkorlikda ishlash kabi masalalar boʻyicha atroflicha fikr almashishdi.