Alise Faxrutdinova: "Maqsadim – Olimpiadaga a'lo darajada tayyorgarlik ko'rish»
Joriy yilning 8-14 iyun kunlari Qohirada o'tkaziladigan jahon chempionati oldidan zamonaviy beshkurash bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi sportchisi Alise Faxrutdinova ayni paytdagi tayyorgarligi va bo'lg'usi chempionatdan oldin o'z oldiga qo'ygan maqsadlari haqida so'zlab berdi.
– Jahon chempionati oldidan tayyorgarlik holatingizni qanday baholaysiz?
– Ayni vaqtda jismoniy tayyorgarligimni o'rtacha, deb baholayman. Jarohat olganimga hali ko'p bo'lgani yo'q va 2021 yilgi jahon chempionati ushbu mavsumdagi ilk startim bo'ladi. Olimpiya o'yinlariga ham oz vaqt qoldi va men tezroq yuqori sport formamga qaytishim kerakligini tushunaman.
– Ushbu chempionat oldidan o'z oldingizga qanday maqsad qo'ydingiz?
– Jamoamiz o'z oldiga ko'p maqsadlarni qo'ygan, lekin mening asosiy niyatim deyarli ikki yillik tanaffusdan keyin musobaqa amaliyotiga tezroq qaytish va albatta, Olimpiya o'yinlari oldidan tajriba to'plash.
– Jahon chempionatiga tayyorgarligingiz qanday o'tgan? Nimaga ko'proq e'tibor berdingiz?
– Barcha mashg'ulotlar rejadagidek o'tdi. Qilichbozlik va o'q otish zamonaviy beshkurashdagi kuchli tomonlarim bo'lgani bois, asosiy e'tiborni yugurish va suzishdagi funktsional holatimni yaxshilashga qaratdik.
– Jarohat tufayli jahon kubogining ikkala bosqichini ham o'tkazib yubordingiz, tiklanish davringiz qanday o'tdi?
– Tiklanish davri juda og'ir kechdi. Uzoq vaqtga cho'zildi va ko'p mehnat talab qildi. Bunda shifokorlar va murabbiylar menga yordam berishdi. Ular o'z ishining ustasi. Yaqinlarimning qo'llovi ham katta ahamiyatga ega bo'ldi. Jarohat asoratlari rejimga kirishimga to'sqinlik qildi, lekin biz ularni engdik va hozirda to'liq dastur bo'yicha tayyorgarlik ko'ryapmiz.
– Katta musobaqalarda qatnasha olmaganingiz sizga qanday ta'sir qildi?
– Jarohat har qanday sportchini ham jismonan, ham ruhan ezadi. Jarohat davrida oson bo'lmadi. Lekin ayni paytda hammasi ortda qoldi. Ushbu mashaqqatli yo'lni bosib o'tishga yordam bergan insonlarga tashakkur.
– 2021 yilgi Jahon Kubogidan keyin nima bilan shug'ullanasiz? Olimpiya o'yinlaridan oldingi o'quv-mashg'ulot yig'ini qaerda o'tadi? COVID-19 pandemiyasi rejalaringizga ta'sir qildimi? Ungacha rejalaringiz qanday edi va ular nechog'li o'zgardi?
Men uchun asosiy vazifa – bu tayyorgarlikni uzluksiz davom ettirish. Maqsadim esa Olimpiadaga eng a'lo ko'rinishda etib borishdir. Olimpiya o'yinlaridan oldingi o'quv mashg'ulot yig'inlari Moskvada bo'lib o'tadi, chunki u erdagi sharoitga o'rganganmiz va samarali mehnatga butun diqqatimizni qaratamiz. COVID -19 hech bir insonni chetlab o'tmadi, shu jumladan, bizni ham. Musobaqalar goh bekor qilindi, goh sanalari va manzillari o'zgardi. Albatta, COVID -19 dan oldin va keyingi Tokio-2020ga tayyorgarlik rejasi ham sezilarli darajada farq qiladi.