“Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun quriladigan ob’ektlardan samarali foydalanish e’tibor markazida
Bugun Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov boshchiligida “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun quriladigan ob’ektlardan samarali foydalanish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda soha mutasaddilari ishtirok etishdi.
Adham Ilhamovich uchrashuvda har bir federatsiya va tashkilotlarga ajratiladigan ob’ektlar loyihasini ko‘zdan kechirish barobarida sport maydonlarining qurilish bosqichlari bilan yana bir bor tanishdi. Shuningdek, u yig‘ilish davomida binolardan maksimal darajada samarali foydalanish, xorij tajribasini o‘rgangan holda ularni jihozlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Rejaga ko‘ra, musobaqadan so‘ng Vazirlik va bir qator federatsiya hamda boshqa sport tashkilotlari mazkur shaharchaga ko‘chib o‘tadi.
Oybek Kasimov qurilish uchun mas’ul bo‘lgan tashkilotlar bilan muntazam aloqa olib borilayotgani, loyihani amalga oshirishda barcha jihatlarga ahamiyat berilayotgani xususida to‘xtaldi. Vazir ish samaradorligini yanada yaxshilash, 9 noyabr kuni o‘tgan tadbirda Prezidentimiz bergan topshiriqlar asosida ish olib borish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.